Samarqandda elektr va gaz bo‘yicha 6,6 milliard so‘mlik noqonuniy holatlar aniqlandi
“O‘zenergoinspeksiya” axborot xizmatining ma’lum qilishicha, hududlarda elektr energiyasi va tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish, shuningdek, energetika ob’ektlarida xavfsizlik qoidalariga rioya etmaslik holatlarini aniqlash bo‘yicha tizimli nazorat tadbirlari davom ettirilmoqda.
Samarqand shahri va Samarqand tumanida o‘tkazilgan tekshiruvlar davomida jami 2,5 milliard so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish bilan bog‘liq 4 ta holat aniqlandi. Tekshiruvlar natijasida ayrim noturar binolar hamda fuqarolarga tegishli ob’ektlarda elektr tarmoqlariga o‘zboshimchalik bilan ulanish holatlari qayd etilib, bu orqali yirik miqdorda iqtisodiy zarar yetkazilgani ma’lum bo‘ldi.
Shuningdek, novvoyxona tomonidan hisoblagichdan oldin tarmoqqa yashirin ulanish asosida tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holati aniqlandi. Natijada gaz ta’minoti korxonasiga 4,1 milliard so‘mdan ortiq zarar yetkazilgani qayd etildi.
Bundan tashqari, Jizzax viloyatida energetika ob’ektlarida o‘tkazilgan o‘rganishlar jarayonida elektr qurilmalarini ekspluatatsiya qilishda xavfsizlik texnikasi qoidalari buzilgani aniqlandi. Shu sababli, ta’mirlash ishlarini olib borayotgan brigada ish joyidan chetlatildi.
Umumiy hisobda, elektr energiyasi va tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish hamda qoidabuzarliklar oqibatida 6,6 milliard so‘mdan ortiq zarar yetkazilgan.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA