Samarqandda “DOKTOR KOBRA” turizm maskani bor
Oʻzbekiston Respublikasi turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi va Samarqand viloyati hokimligi tomonidan 16-17-oktyabr kunlari Samarqandga info-tur tashkil etilgani haqida xabar bergan edik.
Oʻzbekiston Respublikasi turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi va Samarqand viloyati hokimligi tomonidan 16-17-oktyabr kunlari Samarqandga info-tur tashkil etilgani haqida xabar bergan edik.
Info-tur qatnashchilari bugun Samarkand Half Marathon (yarimmarafon)ga tayyorgarlik ishlariga bagʻishlangan matbuot anjumanidan soʻng Nurobod tumaniga yoʻl oldi va Jom qishlogʻidagi “Doktor kobra” turizm maskani faoliyati bilan tanishdi.

Bugunga kelib, nafaqat Samarqand, balki respublikamizga ham tanilib ulgurgan mazkur maskanning hayvonot bogʻida koʻplab yovvoyi hayvonlar hamda qushlarning 20 dan ortiq turini koʻrish mumkin. Jumladan, chiya boʻri, echkiemar, olmaxon, jayra, tuyaqush, burgut, ukki, lochin va 30 dan ortiq zaharli ilonlar mavjud.
Maʼlumot oʻrnida qayd etish joizki, ushbu hayvonot bogʻi taniqli ilon tutuvchi, qariyb 70 yoshni qarshilagan “Doktor Kobra” nomi bilan tanilgan Alisher Yormatov tomonidan tashkil qilingan. Maskanning bugungidek qiyofaga kelishi uchun ikki milliard soʻmdan ortiq mablagʻ sarflangan. Shuningdek, gʻaroyib ilon tomoshalarini faqatgina shu yerda tomosha qilish mumkin.

Hozirgi kunda mazkur turizm maskani ilonlar shou dasturi orqali “Ginnes rekordlar kitobi”ga kiritilishi rejalashtirilgan. Bundan tashqari, hududda ovqatlanish, ilon zahri bilan davolash, kvadrotsiklda sayr qilish kabi qoʻshimcha xizmat turlari tashkil etilgan.
Alisher Yormatov respublika anʼanaviy tibbiyot assotsiatsiyasiga qabul qilingan. U qishloqda tibbiyotning asosiy yoʻnalishlari boʻyicha yuqori malakali mutaxassislar va shifokorlar ishlaydigan 50 oʻrinli kasalxona qurishni rejalashtirgan. Taʼkidlanishicha, sogʻliqni saqlash markazi bemorlarni anʼanaviy usullar bilan ham, anʼanaviy tibbiyot bilan ham davolaydi.
