Samarqandda bugun tarixiy kun
Qadimiy va hamisha navqiron Samarqand bugun yana dunyo e’tibor markazida bo‘ladi. Buyuk ipak yo‘lining chorrahasi, ilm-fan va madaniyat markazi sanalgan kentda Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE)ning 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi boshlanadi.
Har ikki yilda dunyoning deyarli barcha mintaqalari shaxmatchilari ishtirokida o‘tkaziladigan bu galgi olimpiadada 400 jamoa ishtirok etish istagini bildirgan. Bu 2024-yilda Budapeshtda o‘tkazilgan olimpiada rekordi yangilanadi, degani. Ikki yil oldin Vengriyada o‘tkazilgan 45-Butunjahon shaxmat olimpiadasida 380 jamoa qatnashgan edi. Bu gal Samarqandda 208 ta erkaklar jamoasi va 192 ta xotin-qiz shaxmatchilar jamoalari o‘z kuch va salohiyatlarini namoyon etadi.
Olimpiada dasturiga muvofiq, 16-27-sentabr kunlari 11 ta klassik bosqich musobaqalari o‘tkaziladi.
Bugun kunning ikkinchi yarmida Samarqand xalqaro turizm markazida FIDEning vaqtinchalik rahbari Vishvanatan Anand hamda O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi raisi birinchi o‘rinbosari Alisher Sa’dullayev ishtirokida matbuot anjumani o‘tkaziladi. Kechki payt esa “Boqiy shahar” markazidagi amfiteatrda 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasining tantanali ochilish marosimi o‘tkaziladi.
Kecha Hindistonda 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi mash’alasini hamyurtimiz, jahon kubogi va Nomzodlar turniri g‘olibi Javohir Sindorovga topshirgan Vishvanatan Anand ham Samarqandga yetib keldi. Uni O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi va Samarqand viloyati hokimligi mas’ullari kutib oldi.

Ayni paytda Samarqandga olimpiada ishtirokchilari, hakamlar, murabbiylar, FIDE rahbariyati va bir qator xalqaro tashkilotlar vakillari yetib kelib, o‘zlari uchun ajratilgan mehmonxonalarda joylashmoqda. Ular ikki hafta davomida bu yerda jahon shaxmati bayramiga guvoh bo‘lishadi.
Aslida, Samarqanddagi shaxmat bayrami bir necha kun oldin, aniqrog‘i 10-sentabrdan, imkoniyati cheklangan shaxmatchilar o‘rtasidagi 3-FIDE shaxmat paralimpiyasidan boshlangan. Unda ko‘rish, eshitish va jismoniy imkoniyati cheklangan sportchilardan iborat 41 jamoa ishtirok etmoqda. Bu ham rekord ko‘rsatkich bo‘lib, ishtirokchi jamoalar soni avvalgi ikki paralimpiyadagidan oshgan.

Shuningdek, tadbirlar doirasida Samarqandda FIDE Kongressi va saylovlari bo‘lib o‘tadi. Unda xalqaro shaxmat hamjamiyati sportning kelajakdagi rivojlanish yo‘nalishlarini muhokama qiladi.
Muhim tadbirlardan yana biri 24-sentabrga mo‘ljallangan, FIDEning “2026 – Ta’limda shaxmat yili” doirasida pedagoglar, siyosatchilar va tadqiqotchilarni birlashtiradigan “Ta’limda shaxmat” sammiti bo‘lib o‘tadi.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri