Samarqandda birodar shaharlar xalqaro forumi o‘tkaziladi
Shu yilning 24-25-iyul kunlari qadimiy kentda o‘tkazilishi rejalashtirilgan forumda 30 dan ortiq davlat vakillari, nufuzli delegatsiyalar va xalqaro tashkilotlar mas’ullari qatnashishi kutilmoqda.
Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mita, Birodar shaharlar alyansi va Samarqand viloyati hokimligi tomonidan birinchi marta tashkil etilayotgan forum O‘zbekiston va xorijiy davlatlarning birodar shaharlari o‘rtasidagi do‘stona aloqalarni yanada mustahkamlash, xalq diplomatiyasi tamoyillari asosida madaniy-gumanitar, iqtisodiy, ta’lim, ilm-fan, turizm va innovatsiya yo‘nalishlarida o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Forumda shaharlar o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishning zamonaviy mexanizmlari, hududlararo aloqalarni kengaytirish, investitsiya loyihalarini amalga oshirish, ilg‘or tajribalarni almashish hamda yangi istiqbolli tashabbuslarni ilgari surish masalalari muhokama qilindi.
Tadbir doirasida “Birodar shaharlar – barqaror rivojlanish va xalq diplomatiyasining yangi modeli” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etilib, B2B va B2G formatida uchrashuvlar, hamkorlik bitimlarini imzolash marosimlari hamda shaharlar imkoniyatlarini ifodalovchi ko‘rgazmalar namoyish etildi.
Konferensiya yalpi majlisi hamda uchta mavzuli sessiyalarida shaharlar o‘rtasidagi xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, mahalliy darajadagi hamkorlik aloqalarining ahamiyati va istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.
Forumda, shuningdek, mamlakatimiz hududlarining iqtisodiy, turizm va investitsiyaviy salohiyati, shuningdek, xorijiy shaharlar bilan o‘rnatilgan do‘stlik aloqalarining shakllanish tarixi aks ettirilgan “Shaharlar imkoniyatlari ko‘rgazmasi”, “O‘zbekistonning birodar shaharlari tarixi” foto ko‘rgazmalari o‘tkaziladi.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri