Samarqand viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi A.Boboyev Oqdaryo tumanida maktabgacha va maktab ta’lim sohasi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muloqotda muassasalarda ta’lim sifatini oshirish, maktab-oila-mahalla hamkorligini mustahkamlash, kadrlar tayyorlash masalalari muhokama qilindi.

***
Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar instituti rektori, professor Sh.Hasanov Xitoy Xalq Respublikasining Urumchi shahridagi Shinjon qishloq xo‘jaligi universiteti rahbariyati bilan talabalar almashinuvi, professor-o‘qituvchilarning malakasini oshirish, ilmiy loyihalarni birgalikda amalga oshirish kabi yo‘nalishlarda o‘zaro hamkorlik bo‘yicha kelishuvlarga erishdi.
Institut delegatsiyasi Urumchida tashkil yetilgan “2025 Xitoy – Markaziy Osiyo mamlakatlari sanoat-ta’lim-tadqiqot-amaliyot integratsiyasi va hamkorlik” mavzusidagi xalqaro sammitda ham ishtirok etishdi.

***
“Samarqand yo‘lovchi trans” davlat korxonasi Samarqand shahri yo‘nalishlarida qatnovchi elektrobuslarda yo‘lovchilarning internetdan tekin foydalanishiga imkoniyat yaratdi. Elektrobuslardagi Wi-Fi aloqa tizimi orqali yo‘lovchilar bu imkoniyatdan foydalanishlari mumkin.

***
Samarqand viloyati bojxona boshqarmasining kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi, DXX viloyat boshqarmasi hamda IIB xodimlari Bulung‘ur tumanidagi “Yuqori nuqta” yo‘l-patrul xizmati maskanida Namangan-Samarqand yo‘nalishida harakatlanayotgan “Lasetti” avtotransport vositasini to‘xtatib tekshirganda yo‘lovchi sifatida ketayotgan fuqaroning qo‘l yuklari orasida 288 dona “Zardeks” nomli kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasi borligi aniqlandi.
Hozir mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri