Samarqand viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi raisi Aziz Kamilov hamda Olimpiada chempioni Diyora Keldiyorova bilan uchrashdi.
Uchrashuvda viloyatda dzyudoni yanada rivojlantirish, mamlakat terma jamoasi tarkibida samarqandlik sportchilar sonini oshirish va buning uchun ularga munosib shart-sharoit yaratish yuzasidan fikr almashildi.
Samarqandlik dzyudochilar o‘tgan yil respublika musobaqalarida 54 ta oltin, 15 ta kumush, 23 bronza, xalqaro turnirlarda esa 1 ta oltin, 1 ta kumush, 4 bronza medallarini ko‘lga kiritgani e’tirof etilib, ushbu natijalarni yanada mustahkamlash imkoniyati borligi ta’kidlandi.

***
Xalq deputatlari viloyat Kengashi huzurida Yoshlar maslahat guruhi tashkil qilindi.
Davlatimiz rahbarining yaqinda yoshlar bilan uchrashuvda bildirgan tashabbusi asosida tashkil etilgan guruh 30 nafar yoshlardan iborat bo‘lib, yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish, yoshlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini qo‘llab-quvvatlash, yoshlar masalalariga doir qaror loyihalarini ishlab chiqish hamda muhokama qilishda ishtirok etishi ko‘zda tutilgan. Yoshlar maslahat guruhi a’zolari viloyat Kengashi deputatlariga “Ustoz-shogird” an’anasi asosida biriktirildi.

***
Navro‘z bayrami munosabati bilan Pastdarg‘om tumanida bir qator yangi ob’ektlar ochildi.
Jumladan, 1-ixtisoslashgan davlat umumta’lim maktabi uchun 1,3 milliard so‘m mablag‘ evaziga bunyod etilgan yangi sport zali, Samarqand mahallasida ko‘p qavatli turar joy binosi foydalanishga topshirildi. Kamolot mahallasida esa “Sam Abloute Servis” MCHJ korxonasi negizida sanitar-gigiyenik vositalar ishlab chiqarish loyihasi asosida mahsulot tayyorlash boshlandi.

***
Ijtimoiy himoya milliy agentligi viloyat boshqarmasi tomonidan nogironligi bo‘lgan shaxslar tayyorlagan mahsulotlarning ko‘rgazma-savdosi tashkil etildi.
Unda Samarqand shahrida istiqomat qiluvchi nogironligi bo‘lgan shaxslar o‘zlari tayyorlagan 40 dan ortiq turdagi mahsulotlari bilan ishtirok etdi.

– I guruh nogironi bo‘lishimga qaramay hamma qatori o‘qiyapman, oliygohda talabaman, – deydi Do‘kchiyon mahallasida yashovchi Umida Mahmudova. – Bo‘sh vaqtlarimda hunarmandchilik bilan shug‘ullanaman, shogirdlarim bilan turli yumshoq o‘yinchoqlar to‘qiymiz. Yarmarkada ushbu mahsulotlarimizni sotuvga chiqargandik, xaridorlarga manzur bo‘lganidan xursandmiz.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri