Samarqand viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev Chexiyaning “Praktik system” kompaniyasi rahbari Petr Linhart bilan uchrashuvda Samarqandda elektron va plastik chiqindilarni qayta ishlash loyihasini amalga oshirishni muhokama qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur kompaniya dunyoning yigirma to‘rt davlatida elektron va plastik chiqindilarni qayta ishlashga ixtisoslashgan korxonalar tashkil etgan. Kompaniya rahbari Samarqandda ham ana shunday korxona qurishga investitsiya kiritmoqchiligini bildirdi va viloyat rahbari investorga qonun doirasida amaliy yordam berishini aytdi.

***
25-27 fevral kunlari Jomboy tumanidagi “SOF EXPO Samarkand” xalqaro ko‘rgazmalar majmuasida agrar sohadagi mahalliy va xorijiy ishlab chiqarish korxonalarining “AGRO PRO EXPO-2025” 4-xalqaro qishloq xo‘jaligi ko‘rgazmasi o‘tkaziladi.
Ko‘rgazma oldidan tashkil etilgan matbuot anjumanida viloyat hokimining mahalliy sanoatni rivojlantirish masalalari bo‘yicha yordamchisi Nozir Ibragimovning ma’lum qilishicha, bu yilgi ko‘rgazmada yurtimiz tadbirkorlari bilan birga Qozog‘iston, Rossiya, Xitoy, Belarus, Turkiya, Eron, Niderlandiya, Germaniya, Vengriya davlatlarining 88 korxonasi o‘z mahsulot va xizmatlari bilan ishtirok etish istagini bildirgan.
2024 yilda o‘tkazilgan ko‘rgazmada 80 ta korxona, 4500 dan ortiq professional va top menejer qatnashgan.

***
Samarqand shahridagi “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetida Malayziyaning "SIRIM (Standard and Industrial Research Institute of Malaysia)" akademiyasi mutaxassislari ishtirokida “Muslim-friendly tourism” standartlarini joriy etish bo‘yicha o‘quv-seminar tashkil etildi.
Seminarda viloyatdagi mehmonxona va restoran biznesi vakillari, turoperatorlar hamda soha mutaxassislariga “Muslim-friendly tourism” tushunchasi, uning asosiy talablari, mehmonxonalar va restoranlar uchun qo‘llanilishi, shuningdek, halol industriyasining zamonaviy turizmdagi iqtisodiy imkoniyatlari haqida ma’lumot berildi.
2025-2026 yillarda Malayziyadan O‘zbekistonga ziyorat turizmi yo‘nalishida sayyohlar oqimini 100 ming nafarga yetkazish, bunda Malayziya tajribasidan samarali foydalangan holda ziyorat turizmi va Umra+ dasturlarini amalga oshirish ko‘zda tutilgan.
Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari R. Qobilov va "SIRIM" akademiyasi vakillarining uchrashuvida Samarqandda mazkur akademiya o‘quv kurslarini tashkil etish yuzasidan fikr almashildi.

***
Samarqandda professionallar o‘rtasida stol tennisi bo‘yicha mamlakat chempionati boshlandi.
Unda respublikamizning barcha hududlaridan 200 nafardan ziyod sportchi g‘oliblik uchun bahs olib bormoqda. Chempionat g‘oliblari orasidan mamlakatimiz terma jamoasining asosiy va zaxira tarkibiga mahoratli tennischilarni saralash rejalashtirilgan.

G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri