Samarqand viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Samarqand viloyati sektorlari rahbarlari ishtirokida davlatimiz rahbarining shu yil 3 yanvardagi “2025 yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi muhokama qilindi.

Tanqidiy ruhda o‘tkazilgan yig‘ilishda tuman (shahar) va mahallalarda huquqbuzarliklarning oldini olish, kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha ishlab chiqilgan “yo‘l xaritasi” ijrosi, shtab a’zolarining o‘zlariga yuklatilgan vazifalarni bajarishi, hududlarda ayrim toifadagi shaxslar bilan profilaktik tadbirlar olib borilishi va boshqa masalalar ko‘rib chiqildi.
***
Samarqand viloyati hokimining tegishli qarori bilan Ixtiyorov Mirzo Rustamovich Samarqand viloyati hokimligi axborot xizmati rahbari, viloyat hokimining matbuot kotibi — axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimiga tayinlandi.

Mazkur tayinlovga qadar M.Ixtiyorov O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi “Samarqand viloyati teleradiokanali” davlat muassasasi direktori vazifasini bajaruvchi lavozimida faoliyat olib borgan.
***
Turkiyada hokimlar uchun o‘tkazilayotgan malaka oshirish dasturida qatnashayotgan Samarqand shahar hokimi Fazliddin Umarov Turk dunyosi munitsipalitetlari ittifoqi prezidenti, Konya meri Ibrohim Altay bilan Samarqand va Konya shaharlarining birodar shaharlar maqomida hamkorlik qilishi bo‘yicha bayonnoma imzoladi.

Kelishuvga ko‘ra, Samarqand va Konya o‘rtasida savdo-iqtisodiy, ta’lim, sog‘liqni saqlash, yoshlar siyosati, sport, turizm, tarixiy va madaniy merosni muhofaza qilish, axborot texnologiyalari va transport sohalarida hamkorlik qilinadi.
***

Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sovrindori, ayni paytda Samarqand davlat universiteti differensial tenglamalar kafedrasi doktoranti bo‘lgan Umida Jo‘rayeva Malayziyaning Putra universiteti professor-o‘qituvchi va tadqiqotchilari uchun tashkil etilgan seminarda ma’ruza qildi. Uning ma’ruzasi tinglovchilar tomonidan katta qiziqish bilan qabul qilindi.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri