Samarqand viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Samarqand viloyati ko‘p tarmoqli bolalar tibbiyot markazida uzoq muddat davomida davolanayotgan bolalarga umumiy o‘rta ta’lim berish uchun tashkil etilgan “Mehrli maktab” davlat ta’lim muassasasi Samarqand filialida Yangi yil bayrami tashkil etildi.

Bayramda ushbu maktabda tahsil olayotgan 29 nafar o‘quvchiga Prezident sovg‘alari topshirildi.
***
Aholi dasturxoni to‘kin-sochinligini ta’minlash va bayram oldidan narx barqarorligini saqlash maqsadida viloyatdagi 21 ta dehqon bozorida arzonlashtirilgan oziq-ovqat mahsulotlari savdo yarmarkalari tashkil etildi.

Har bir bozordagi savdo yarmarkasiga meva-sabzavot, go‘sht, tuxum va boshqa mahsulotlar fermer xo‘jaliklari, ishlab chiqarish korxonalari tomonidan kunlik keltirilib, xaridorlarga arzon narxlarda sotilmoqda.
***
Bulung‘ur tumani hokimi Samandar Astonov migratsiyada bo‘lgan tuman xotin-qizlari bilan onlayn muloqot qilib, ularning murojaat va takliflarini eshitdi.
***

Nurobod tumani hokimi S.Berdiqulov tuman tibbiyot birlashmasida davolanayotgan bemor bolalar holidan xabar olib, ularga bayram sovg‘alari ulashdi. Shuningdek, hokimlik vakillari va sektor rahbarlari uyda yotgan bemorlar, keksalarni yo‘qlab, ulargp bayram sovg‘alarini topshirdi.
***
“Adolat” sotsial-demokratik partiyasi viloyat kengashi “Ko‘chma archa” loyihasi doirasida viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazining onkogematologiya bo‘limida bayram tadbiri uyushtirdi.

Partiya faollari va deputatlar bemor bolajonlar hamda ularning ota-onalartni bayram bilan tabriklab, sovg‘alar ulashdi.
G‘.HASANOV, O‘zA muxbiri