Samarqand viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov Nurobodda viloyat hokimligi mas’ullari, boshqarma va idoralar rahbarlari ishtirokida tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalarini muhokama qildi.
Hududda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish ko‘rsatkichlari boshqa tumanlarga nisbatan ancha pastligi qayd etildi. Ro‘yxatdan o‘tgan 224 ta korxonaning ayrimlari faoliyat ko‘rsatmayotgani, xorijiy investitsiya jalb qilish rejasi 34 foizgagina bajarilgani tanqid qilindi.
Tumanda aholini kambag‘allikdan chiqarish, tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida gilam, so‘zana kabi qo‘l mehnati asosida mahsulotlar tayyorlashda kasanachilikni keng yo‘lga qo‘yish va shu yerning o‘zida tayyor mahsulotlar savdosini tashkil etish bo‘yicha mas’ullarga topshiriqlar berildi.

***
Viloyat axborot-kutubxona markazida “Yilning eng yaxshi axborot-kutubxona mutaxassisi” ko‘rik-tanlovi viloyat bosqichi o‘tkazildi.
Tanlovning tuman (shahar) bosqichi g‘oliblarining soha bo‘yicha bilimlari to‘rt shart asosida sinovdan o‘tkazildi va yakunda Kattaqo‘rg‘on shahar axborot-kutubxona markazi xodimi N.Inotullayeva g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Viloyat axborot-kutubxona markazi va Urgut tumani vakili ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni egalladi.

***
O‘zbekiston Prezidentining Samarqand viloyatidagi Xalq qabulxonasi hamda viloyat huquq-tartibot idoralari rahbarlarining navbatdagi sayyor qabuli Samarqand tumanida o‘tkazildi.
Unda ellikdan ortiq fuqaro turli masalalar yuzasidan mas’ullarga murojaat qildi.

***
Kattaqo‘rg‘on tumanidagi bir qator fermer xo‘jaliklari yetakchilari paxtachilik bo‘yicha Shinjon tajribasini o‘rganish maqsadida Xitoy Xalq Respublikasining Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayoniga safar qildi. Fermerlar shinjonlik dehqonlar tomonidan paxta yetishtirishda qo‘llaniladigan ilg‘or agrotexnologiyalar, sug‘orish va oziqlantirishning zamonaviy usullari, hashoratlarga qarshi kurashishda dronlardan foydalanish va tomchilatib sug‘orish tizimidagi yangiliklar bilan tanishib, tajriba o‘rgandilar.

G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri