Samarqand viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Samarqand shahrida ichki turizmni rivojlantirish, ushbu yo‘nalishda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub’ektlari o‘rtasida hamkorlik aloqalarini mustahkamlash maqsadida “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!” dasturi doirasida “Ichki turizm yarmarkasi” o‘tkazildi.
Unda respublikamizning turli hududlarida faoliyat yuritayotgan sayyohlik firmalari, turoperator, turagent, joylashtirish vositalari (mehmonxona, hostel, mehmon uyi) vakillari ichki turizm bo‘yicha imkoniyatlarini namoyish etib, turizm sohasida hamkorlik o‘rnatish va yangi loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha o‘z takliflarini bildirdi, yangidan ishga tushirilgan startap loyihalari ham namoyish etildi.

***
Payariq tumanida tomorqachilik klasteri shaklidagi “Tomorqa Emalach Servis” mas’uliyati cheklangan jamiyati faoliyat boshladi.
Tomorqachilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va ularga ko‘maklashish, sohaga ilmiy innovatsiyalarni keng joriy etish maqsadida tashkil etilgan korxona Gulzor hamda hududdagi boshqa mahallalarga 12 turdagi xizmatlar ko‘rsatadi.

***
Viloyat matbuot uyida Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi, Koreyadagi KOFIH fondining yurtimizdagi vakolatxonasi va Virusologiya instituti hamkorligida yurtimizda onkologik kasalliklarning oldini olish borasida olib borilayotgan ishlarga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Tadbirda soha mutaxassislari va ekspertlar gepatit V va S viruslari tufayli kelib chiqayotgan onkologik xastaliklar hamda bachadon bo‘yni saratoni haqida ma’lumot berdi. Ushbu kasalliklarning oldini olish maqsadida aholi o‘rtasida targ‘ibot ishlarini kuchaytirish va skrining tekshiruvlariga aholini keng jalb qilish zarurligi ta’kidlandi.
***
Milliy gvardiya qo‘riqlash boshqarmasi hamda viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi hamkorligida umumta’lim maktablari qorovullari uchun ob’ektda xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha o‘quv- seminar tashkil etildi.
Yangi o‘quv yili oldidan o‘tkazilgan tadbirda mutaxassislar tomonidan maktablarda havfsizlikni ta’minlash, favqulodda holat yuz berganda tezkorlik bilan tashvish tugmasi orqali tuman yoki shahar qo‘riqlash bo‘limlariga xabar berish va boshqa vazifalar haqida tushuncha berildi.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri