Samarqand viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun test sinovlari joriy yilning 14 iyulidan boshlanadi. Samarqand viloyatida 84 ming 255 nafar abituriyent testda qatnashish huquqiga ega.
– Test sinovlari o‘tkazilishi uchun Samarqand shahrida 7 ta katta sig‘imli yopiq binolar, asosan, sportzallar tanlanib, 3540 o‘rin tayyorlandi, – deydi bilim va malakalarni baholash agentligi Samarqand viloyati bo‘limi boshlig‘i Vohid Sirliboyev. – Bu maskanlarda abituriyentlar ikki navbatda test imtihonlarida qatnashadi. Test sinovlari o‘tkaziladigan barcha zallar havo haroratini mo‘’tadil saqlab turuvchi yuqori quvvatli konditsioner qurilmalari bilan jihozlangan. Abituriyentlar uchun ichimlik suvi va ruchka zaxirasi yaratilgan. Jarayon adolatli va shaffof o‘tishini ta’minlash maqsadida binolarda guruh sonidan kelib chiqqan holda yetarlicha kamera, identifikatsiya va videofiksatsiya qurilmalari o‘rnatildi. Shuningdek, ota-onalar uchun kutish joylari tayyorlanib, jarayonni kuzatib borish uchun katta monitorlar qo‘yildi.
***
Samarqand shahridagi Ko‘ksaroy mahallasida “SOS O‘zbekiston Bolalar mahallalari” uyushmasi tomonidan ijtimoiy markaz tashkil etildi.
– Markazning asosiy vazifasi hududda ijtimoiy yetimlikka barham berish va ehtiyojmand oilalarga ko‘maklashish, – deydi “SOS O‘zbekiston Bolalar mahallalari” uyushmasining Samarqand filiali direktori Dilrabo Davronova. – Bu borada “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi va mahalla faollari bilan yaqin hamkorlikda ish olib bormoqdamiz. Hozirgacha 73 ta mahalla bilan hamkorlik shartnomasi tuzilgan. Ularga reja-grafik asosida borib, muhtojlarga ijtimoiy, psixologik va huquqiy yordam berilmoqda.
***
Samarqand davlat tibbiyot universiteti O‘zbekiston oliy tibbiy ta’lim muassasalari ichida birinchilardan bo‘lib AQSHning Webster universiteti bilan hamkorlikda hamshiralik ishi yo‘nalishi bo‘yicha qo‘shma ta’lim dasturini amalga oshirish bo‘yicha uch tomonlama memorandum imzoladi.
Unga ko‘ra, 2024-2025 o‘quv yilidan 3+1 shaklida hamshiralik ishi qo‘shma ta’lim dasturi amalga oshirilib, Samarqand davlat tibbiyot universiteti talabalari AQSHning nufuzli universitetida tahsil olish hamda malakasi oshirish imkoniga ega bo‘ldi.
Qo‘shma ta’lim dasturiga qabul jarayonlari joriy yilning avgust oyida boshlanadi.
***
Samarqand viloyatidagi 16 ta oromgohda joriy yilga mavsumda 9600 nafardan ortiq bolajonlarni sog‘lomlashtirish va dam oldirish ko‘zda tutilgan.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi qoshidagi bolalarning dam olishi va sog‘lomlashtirilishini tashkil etish departamenti Samarqand viloyati boshqarmasi boshlig‘i Feruza Qilichevaning ta’kidlashicha, bu yil departament tasarrufidagi, Urgut tumanida joylashgan “Chorchinor” va Samarqand tumanidagi “Safedi” yozgi dam olish oromgohlarida rejadagidan tashqari beshinchi davra tashkil etilib, 500 nafarga yaqin bolalar sog‘lomlashtiriladi.
G‘.HASANOV,
O‘zA muxbiri