Samarqand viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov Bulung‘ur tumanining G‘o‘bdin va Urgut tumanining Mergancha mahallalarida qurilayotgan “Yangi O‘zbekiston” massivlaridagi bunyodkorlik, obodonlashtirish ishlari bilan tanishdi.
Mazkur massivlardagi ko‘p qavatli uylar, ta’lim va tibbiyot muassasalari, savdo va xizmat ko‘rsatish ob’ektlarini sifatli qurish hamda o‘z vaqtida foydalanishga topshirish masalalari mutasaddilar ishtirokida muhokama etildi.


***
Mahalla “tashabbusli byudjet” asosida o‘z binosiga ega bo‘ldi Nurobod tumani Qilichli mahallasi ahli o‘tgan yil “Tashabbusli byudjet” elektron platformasida mahalla fuqarolar yig‘ini uchun bino qurish tashabbusi bilan g‘olib bo‘lgan edi. Mahalla binosini qurish uchun 450 million so‘m mablag‘ ajratildi va mazkur mablag‘ evaziga ko‘rkam bino qurildi. Qilichli mahallasi binosining ochilishida viloyat kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi mas’ullari, tuman hokimi hamda mahalla faollari ishtirok etib, “Tashabbusli byudjet” tufayli joylarda ko‘plab muammolarga yechim topilayotganini ta’kidladi.

***
Samarqand xalqaro texnologiya universiteti Amerikaning yirik logistika kompaniyasi – Sultan Trans Inc. bilan ta’lim va tadqiqotlarni rivojlantirishga qaratilgan o‘zaro hamkorlik memorandumini imzoladi.
Universitet va kompaniya rahbarlarining Samarqanddagi uchrashuvida ushbu memorandum uzoq muddatli hamkorlikka yo‘l ochishi ta’kidlandi. Jumladan, universitet talabalari mazkur kompaniya vakolatxonalarida amaliy mashg‘ulotlarda qatnashishi va ularga xalqaro logistika sohasida malaka oshirish imkoniyati yaratiladi.
Ta’kidlash lozim, Sultan Trans Inc. samarqandlik tadbirkor tomonidan asos solingan va AQSHda yuklarni samarali yetkazib berishni ta’minlashga ixtisoslashgan yirik logistika kompaniyasi hisoblanadi.


G‘.HASANOV, O‘zA