Samarqand viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
“Ayol ilmli bo‘lsa – jamiyat ilmli bo‘ladi”. Samarqanddagi ta’lim muassasalarida shu shior ostida olima ayollar ishtirokida konferensiya, seminar va uchrashuvlar o‘tkazildi.
– Mamlakatimizda xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy faolligini oshirish, ilmiy faoliyatga keng jalb qilish, bandligini ta’minlash, tadbirkorlikka o‘rgatish borasidagi ishlar o‘z samarasini bermoqda, – deydi Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari Zebiniso Rahmonova. – Jumladan, viloyatimizda xotin-qizlarni tizimli qo‘llab-quvvatlash maqsadida ehtiyojmand oilalardagi 3103 nafar qizga oliy ta’lim muassasalariga 4 foizli kvota asosida o‘qishga kirishi uchun tavsiyanoma berildi.
Shuningdek, 5 yillik ish stajga ega 2066 nafar xotin-qiz ham oliy ma’lumot olishi uchun tavsiyanomaga ega bo‘ldi. Boquvchisini yo‘qotgan ehtiyojmand xotin-qizlarning 150 nafariga bir yillik to‘lov-shartnoma puli to‘lab berildi. Davlat boshqaruvida xotin-qizlar ishtirokini oshirish maqsadida bugun viloyat bo‘yicha 2236 nafar faol xotin-qiz zaxiraga olingan. Ulardan 10 nafari Prezident huzuridagi davlat boshqaruvi akademiyasida 2 oylik o‘quv kurslarida o‘qib, sertifikat oldi.
Ilmiy anjumanlar davomida samarqandlik olimalar tomonidan olib borilgan ilmiy izlanishlar natijalari namoyish etilgan bo‘lsa, umumta’lim maktablaridagi uchrashuvlarda olima ayollarning hayoti va ilmiy faoliyati haqida ma’lumot berildi.

Samarqanddagi 104 mahallaga “Mahalla”dan mebel va kompyuter texnikalari berildi. “Mahalla” xayriya jamoat fondi Samarqand viloyati bo‘limi boshqaruvining 2022 yil yakunlariga bag‘ishlangan kengaytirilgan hisobot yig‘ilishida ta’kidlanishicha, o‘tgan yil ijtimoiy himoyaga muhtoj va tabiiy ofatdan jabr ko‘rgan 898 nafar fuqaroga 204 million so‘mdan ortiq xayriya yordamlari ko‘rsatildi.
Shuningdek, mahallalarda ish samaradorligini yanada yaxshilash maqsadida 49 ta fuqarolar yig‘inlari mebel jihozlari bilan, 55 ta fuqarolar yig‘inlari kompyuter texnikalari bilan ta’minlandi. 423 ta kam ta’minlangan oilaga yashash sharoitini yaxshilash, uy joylarini ta’mirlash maqsadida 77,1 million so‘m, 124 nafar nogironligi bo‘lgan shaxslarga 22,3 million so‘mlik oziq-ovqat mahsulotlari va kiyim-kechak tarqatilgan. Nogironligi bo‘lgan 10 nafar shaxsga nogironlik aravachalari, eshitish va ortopedik moslamalar berildi.
Yil davomida fondning tuman, shahar bo‘linmalari qoshidagi “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armalariga yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan 69 milliard so‘m xayriya mablag‘lari o‘tkazildi. Ushbu mablag‘lar hisobidan “Temir daftar”, “Yoshlar daftari”, “Ayollar daftari” va ehtiyojmand oilalarda yashovchi fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida mahalliy kengashlar qarorlariga asosan 67,7 milliard so‘m yo‘naltirildi.
G‘.HASANOV, O‘zA