Samarqand va Yurmala – birodarlashgan shaharlar
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi va “O‘zbekiston-Latviya” do‘stlik jamiyati tomonidan “Birodar Samarqand va Yurmala” mavzusida onlayn davra suhbati o‘tkazildi.
Onlayn davra suhbatini o‘tkazishdan maqsad ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stlik va xududlararo aloqalarni yanada rivojlantirish, Latviyada istiqomat qilayotgan vatandoshlar va hamkorlar bilan madaniy-ma’rifiy, ijtimoiy-siyosiy hamda do‘stlik aloqalarini yanada rivojlantirish bo‘yicha fikr almashishdan iborat edi.
Qo‘mita raisi o‘rinbosari V.Tyan O‘zbekiston dunyoning turli davlatlari bilan o‘zaro manfaatli aloqalarni yanada rivojlantirayotgani, mamlakatimizda barcha millat vakillari uchun o‘z madaniyati, urf-odatini asrab-avaylash, milliy qadriyatlarni saqlab qolish uchun zarur sharoitlar yaratilganini ta’kidladi.
Uchrashuvda O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlarni xorijda namoyish etishda qo‘mita va do‘stlik jamiyatlari, xususan, “O‘zbekiston-Latviya” do‘stlik jamiyati tomonidan olib borilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
O‘zbekiston Resbulikasining Latviya Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi Q.Sultonov ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalar, xususan, savdo, iqtisodiy, ta’lim sohalari, hamda hududlararo aloqalar yaxshi rivojlanayotganligini ta’kidladi.
Latviya Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi R.Troksha O‘zbekiston va Latviya o‘rtasida boshqa sohalar qatori do‘stlik va madaniy-ma’rifiy aloqalar ham rivojlanganini ta’kidlab, O‘zbekistonni Markaziy Osiyoda eng barqaror rivojlanayotgan, ulkan iqtisodiy-ijtimoiy salohiyatga ega hamkor davlat sifatida ko‘rishini, bunda ikki mamlakat xalqlari o‘rtasidagi xalq diplomatiyasiga asoslangan aloqalar muhim ahamiyat kasb etishini aytdi.
Uchrashuvda Samarqand shahar hokimiyati va Yurmala shahri dumasi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida bitim imzolanishi davlatlarimiz va xalqlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarni rivojlantirishga katta turtki bo‘lganligi ta’kidlandi.
N.Usmonova, O‘zA