Samarqand – Shensi hamkorligi mustahkamlanadi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 18-19 may kunlari Xitoy Xalq Respublikasiga davlat tashrifi davomida ikki davlat mintaqalari o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar aloqalarni yanada mustahkamlashga qaratilgan muhim kelishuvlarga ham erishildi.
Jumladan, Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov Shensi muzofoti gubernatori Chjao Gan bilan Samarqand va Shensi o‘rtasida kelgusi besh yilga mo‘ljallangan iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha bitimni imzoladi. Ma’lumki, Samarqand viloyati Xitoyning Shensi muzofoti bilan birodarlashgan hudud maqomida iqtisodiyot, madaniyat, turizm, ilm-fan sohalarida hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘ygan. 2013 yilda esa Samarqand shahri va Shensi muzofoti markazi hisoblangan Sian shahri o‘zaro birodarlashgan. O‘zaro manfaatli hamkorlik munosabatlari keyingi yillarda ancha rivojlandi. Kelgusi besh yillikka mo‘ljallangan bitim esa bu aloqalarni yangi bosqichda davom ettirishga asos bo‘ladi.

Tashrif chog‘ida, shuningdek, Erkinjon Turdimov Xitoyning bir qator yirik kompaniyalari vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.

Xususan, “Xinjiang Bioengineering” kompaniyasi rahbari bilan uchrashuvda Samarqand viloyatida qon mahsulotlari ishlab chiqaradigan farmatsevtika zavodi va tarmoq klinik diagnostika laboratoriyasiga ega plazma markazlari tarmog‘ini qurish masalasi atroflicha muhokama etildi va kelishuvga erishildi. Misni to‘liq qayta ishlash bo‘yicha dunyoda yetakchilardan bo‘lgan “Xinjiang Qianwei Golding Cable co. ltd” va “Amer International Group (AMER #1)” rahbariyati bilan uchrashuvda esa Samarqandda misni to‘liq qayta ishlash, smart uskunalar hamda avtomobillar uchun moy ishlab chiqarish bo‘yicha ishlangan loyiha atroflicha muhokama etildi. 2023 yilning avgust oyidan boshlab 2025 yilning dekabr oyigacha bo‘lgan muddatni qamrab olgan loyihaning har bir bosqichini amalga oshirishga e’tibor qaratildi.
G‘.HASANOV,
O‘zA