Samarqand sammiti muhim muloqot maydoniga aylandi
Yangi O‘zbekiston tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlari tizimida Shanxay hamkorlik tashkiloti ochiq, pragmatik va keng ko‘lamli manfaatli hamkorlik yo‘lini amalga oshirish nuqtai nazaridan ko‘p tomonlama platforma sifatida har qachongidan ham muhim ahamiyatga ega.
bugungi kunda tashkilotga a’zo davlatlarning manfaatlariga teng javob beradigan ishonchli va ko‘p tomonli xalqaro hamkorlikni amalga oshirish, yshbu hamkorlik SHHTga a’zo mamlakatlar o‘rtasidagi o‘zaro siyosiy va iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish, savdo-sotiqni kengaytirishga keng imkon yarata oldi.
Ushbu sammit tinchlikni mustahkamlash, ko‘p tomonlama hamkorlikni kengaytirish, dunyo davlatlari o‘rtasida birdamlikni kuchaytirishni maqsad qilgan. Xususan, bugungi dunyoning qiyofasi, insoniyatning hayoti uchun xavf tug‘dirayotgan tahdidlar, davlatlar o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar, global iqlim o‘zgarishi, tabiiy boyliklar va suv resurslari tanqisligining ortishi kabi masalalarga alohida to‘xtalishni maqsad qilib, manfaatli hamkorlik bo‘yicha dolzarb kelishuvlar bilan tarixda qoladi. Eng muhimi, umumiy xavfsizlik va taraqqiyot yo‘lidagi o‘zaro hurmat, ishonch, konstruktiv hamkorlik prinsiplariga asoslangan yangi, inklyuziv muloqotni yo‘lga qo‘yish borasida o‘ziga xos namuna bo‘la oladi.
Yilning eng yirik diplomatik voqeasi sifatida e’tirof etilayotgan Samarqand sammiti 15 ga yaqin davlat rahbarlarini bir shior ostida birlashtirib, SHHT rasmiy aloqalar o‘rnatgan xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar yo‘lboshchilarini har tomonlama mustahkam shartnomalarni yo‘lga qo‘yishda turtki bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga raislik qilishdek mas’uliyatli vazifani bajarish davomida asosiy e’tiborni hamkorlikning yangi ufqlarini ochish va har bir ishtirokchi mamlakatning foydalanilmagan rezervlarini ishga solish orqali tashkilotni jadal rivojlantirish strategiyasiga qaratdi. “Har birimiz kuchli va birdam bo‘lsakkina SHHT kuchli bo‘ladi” shiori ostida tashkilotni yanada kuchli va xalqaro hamkorlar uchun jozibador bo‘lishiga erishish borasida o‘tkazilgan yirik tadbirlar doirasida ko‘plab muhim masalalar ko‘rilib, o‘ttizdan ziyod konseptual dastur, kelishuv va qarorlar ishlab chiqilishiga asos bo‘ldi.
SHHT doirasida Afg‘onistonning urushdan keyingi rivojlanish strategiyasiga doir konsolidatsiyalashgan yondashuvlarni ishlab chiqish, tabiiyki, mamlakatimizning tashkilotga raisligidagi asosiy ustuvor yo‘nalishlardan biri bo‘ldi.
Sammit doirasida Afg‘onistondagi mintaqaviy jarayonlarga alohida to‘xtalib o‘tilganligi tobora jadallashib borayotgan iqtisodiy-ijtimoiy holatlarga befarq qaramagan holda barcha SHHT davlatlarini keng jalb etish O‘zbekistonning ushbu tashkilotdagi yana bir ustuvor yondashuvi hisoblanadi. Barcha birlashgan holda, Afg‘onistonga birgalikda yordam ko‘rsatish, mamlakatning mintaqaviy va global taraqqiyot jarayonlariga integratsiyalashuviga ko‘maklashish va shu orqali ushbu davlatning ko‘p yillik inqirozdan chiqishi uchun qulay sharoit yaratib berish ma’naviy burchimizdir.
Samarqand sammitida tashkilotni yanada rivojlantirish uchun tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan qator muhim qarorlar qabul qilindi.
Ishonchimiz komilki, O‘zbekistonning SHHTga raisligi sarhisob qilinadigan Samarqand sammiti yirik siyosiy va diplomatik forum va tashkilotning keyingi evolyutsiyasi yo‘lidagi muhim qadam sifatida tarixga muhrlanadi. Zero, samarali xalqaro hamkorlik dunyoni barqaror, ishonchli va farovon qiladi.
Zulfiya Tuyeva,
O‘zXDP Buxoro viloyati kengashi raisi,
Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati.
O‘zA