Samarqand jahon ilm-fani markaziga aylanmoqda
Samarqand davlat universitetiga Janubiy Koreyaning Dong-A universiteti prezidenti, professor Li Xe U boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi.
Martabali mehmonlarni Samarqand davlat universiteti rektori, professor, Oliy Majlis Senati a’zosi Rustam Xolmurodov qabul qildi.
Tomonlar xalqaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, xususan, magistratura va doktorantura ixtisosligi bo‘yicha qo‘shma ta’lim dasturlarini amalga oshirishni muhokama qilishdi.
- 1946 yil tashkil topgan o‘quv yurtimizda 58 fakultet mavjud, yigirma ming talaba tahsil oladi, - deydi - professor Li Xe U. – Dong-A universiteti aniq, gumanitar, liberal fanlarga - texnologiya, arxeologiya, muhandislik, tibbiyot, sport, inson resurslarini boshqarish, molekulyar biologiya, IT sohalariga yo‘naltirilgan bo‘lib, asosan magistratura va doktorantura ixtisosligi bo‘yicha kadrlar tayyorlaydi. Tashrifimiz har ikki tomon uchun manfaatli bo‘lishiga ishonaman. Maqsadimiz - SamDu bilan doimiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish. Ma’muriyat shu yo‘nalishlar bo‘yicha magistratura, doktoranturada o‘qish istagida bo‘lganlarni tavsiya qilsa, amaliy hamkorlikka tayyormiz.

Uchrashuv chog‘ida Tarix fakulteti dekani, professor Dilfuza Jo‘raqulova tomonidan arxeologiya sohasida birgalikda ishlash, professor-o‘qituvchilar almashinuvini yo‘lga qo‘yish taklifi ilgari surildi. Koreyada olib boriladigan izlanish, qazishmalarda Samarqand davlat universiteti arxeologlari ishtirokini, sohaga oid darslik, adabiyotlar almashinuvini tashkil etish zarurligi ta’kidlandi. Bunga javoban, professor Li Xe U Dong-A universiteti arxeologlari Koreyaning sohadagi eng kuchli mutaxassislari sifatida e’tirof etilishi, bu taklif bo‘yicha shartnoma tuzilishini bildirdi.
Tadbir yakunida mehmonlar Samarqand davlat universiteti xalqaro ta’lim dasturlari fakultetidagi 2+2 dasturi bo‘yicha o‘qishni Koreyada davom ettiradigan talabalar bilan suhbatlashdi, Koreya madaniyat markazi bilan tanishdi. Yakunda tomonlar hamkorlik memorandumini imzoladi.
Behruz SHAMSIDDINOV,
SamDU axborot xizmati xodimi.