Samarqand Gifu bilan hamkorlik qiladi
Yurtimizda mehmon bo‘lib turgan Yaponiyaning Gifu prefekturasi gubernatori Furuta Xajime boshchiligidagi delegatsiya bugun Samarqandga tashrif buyurdi.
Dastlab viloyat hokimligi Samarqand viloyati va Gifu prefekturasi rahbarlarining uchrashuvi o‘tkazildi.
Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov yaponiyalik mehmonlarni tashrif bilan qutlab, kun chiqar yurt bilan do‘stona aloqalar aloqalari mavjudligini ta’kidladi va mintaqalari o‘rtasidagi hamkorlik ikki tomon uchun ham manfaatli bo‘lishiga ishonch bildirdi.
Muloqot chog‘ida Samarqand va Gifuda biznes forumlar tashkil etish va bu orqali tadbirkorlarning o‘zaro hamkorlikda ishlashi uchun qulay muhit yaratish hamda ularni qo‘llab-quvvatlash, ta’lim, turizm, axborot texnologiyalari sohalarida faol hamkorlik yuzasidan fikr almashildi.
Jumladan, Gifu tomonidan Samarqand shahriga “smart shahar” loyihasini taqdim etish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri avia qatnovlarni yo‘lga qo‘yish, birgalikda madaniyat kunlari o‘tkazish taklif etildi.
E.Turdimov Gifu prefekturasi san’at sohasi vakillarini yaqinda Samarqandda o‘tkaziladigan an’anaviy “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivaliga taklif qildi.
Uchrashuv so‘ngida Samarqand viloyati va Gufu prefekturasi o‘rtasida hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish yuzasidan “Istaklar bayoni” memorandumi imzolandi.
Yaponiya delegatsiyasi Amir Temur maqbarasi, Registon majmuasi va shahardagi boshqa tarixiy obidalarni tomosha qilib, xalqimiz tarixi va madaniyati bilan yaqindan tanishdi.
[gallery-18350]
– Tashrif oldidan qiziqib ko‘rdim – Samarqand va bizning Gifu prefekturamiz iqtisodiyoti, tabiiy iqlim sharoiti va odamlar turmush tarzi o‘rtasida o‘xshash tomonlar juda ko‘p, – deydi Furuta Xajime. – Shuning uchun hamkorligimiz samarali bo‘lishiga ishonaman. Bugun bunga yana bir bor guvoh bo‘ldim. Xususan, ta’lim, turizm sohalarida yaqin aloqalarni yo‘lga qo‘yish niyatidamiz. Bu borada Samarqand davlat tibbiyot universiteti bilan o‘zaro anglashuv memorandumi imzolash ko‘zda tutilgan.
Gifu prefekturasi delegatsiyasi Samarqand davlat tibbiyot universitetida ham bo‘lib, mazkur muassasa faoliyati bilan yaqindan tanishdi va hamkorlik bo‘yicha kelishuvga erishildi.
G‘.HASANOV, A.ISROILOV (surat), O‘zA muxbirlari