Salomatlik va go‘zallik manbai
O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya institutida «Mustaqillik yillarida xotin-qizlar sportining rivoji: yutuq va muammolar» mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya institutida «Mustaqillik yillarida xotin-qizlar sportining rivoji: yutuq va muammolar» mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
«Sog‘lom bola yili» Davlat dasturi doirasida O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi, Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi, «Sog‘lom avlod uchun» xalqaro xayriya fondi tomonidan tashkil etilgan tadbirda Toshkent shahri, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardan sport mutasaddilari, sportchi va murabbiylar, institut professor-o‘qituvchilari, talabalar, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya instituti rektori Sh.Isroilov, O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi ijrochi direktori E.Iskandarov, «Sog‘lom avlod uchun» xalqaro xayriya fondi boshqaruvi raisi S.Inomova va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida yosh avlodni sog‘lom va barkamol etib voyaga yetkazish, ular o‘rtasida jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishga qaratilayotgan ulkan e’tibor mamlakatimizning barcha hududida sportning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, har bir sport turi bo‘yicha ko‘plab yangi iste’dodlar yetishib chiqishida muhim ahamiyat kasb etayotganini ta’kidladi.
Yurtimizning barcha hududlarida, jumladan, chekka qishloqlarda ham yoshlarning o‘zi istagan sport turi bilan shug‘ullanishi uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Ayniqsa, bolalar va o‘smirlar sport maktablari, sport to‘garaklarini malakali mutaxassis va murabbiylar bilan ta’minlash, yosh iqtidor egalarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, aholi, jumladan, yoshlar o‘rtasida turli sport tadbirlarini muntazam o‘tkazish doimiy e’tiborda.
Prezidentimiz tashabbusi bilan joriy qilingan uch bosqichli sport o‘yinlari – “Umid nihollari”, “Barkamol avlod” va Universiada musobaqalari minglab sportsevar yoshlarning iqtidor va salohiyatini yuzaga chiqarishga xizmat qilmoqda.
Anjumanda xotin-qizlar o‘rtasida sportni ommalashtirish, ularni jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish, ayol murabbiyalar safini kengaytirishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi. Zero, xotin-qizlarni sportga jalb etish nafaqat ular salomatligida, balki kelajakda farzandlari sog‘lom bo‘lib tug‘ilishi va ulg‘ayishida muhim ahamiyatga ega.
Ayollar spartakiadasi, «Gimnastika barcha uchun», «Nafosat olami» ayollar sport festivallari uy bekalari, korxona va tashkilotlarda faoliyat yuritayotgan ayollarning sportga bo‘lgan qiziqishini oshirmoqda.
Bugungi kunda qishloq joylardagi sport inshootlarini ayol murabbiyalar bilan ta’minlash maqsadida O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya institutida «Xotin-qizlar sportini rivojlantirish» yo‘nalishi tashkil etilib, yosh mutaxassislar tarbiyalanmoqda. Mazkur yo‘nalish bo‘yicha 2013-yilda 220 talaba-qiz qabul qilingan bo‘lsa, joriy yilda 260 kvota ajratildi.
Prezidentimiz Islom Karimovning 2010-yil 1-apreldagi “Qishloq joylardagi bolalar sporti obyektlarida band bo‘lgan ayol sport ustozlari mehnatini rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida ayol murabbiyalar faoliyati har tomonlama qo‘llab-quvvatlanmoqda. Natijada mamlakatimizda sportning xotin-qizlarga mos turlari jadal rivojlanmoqda. Qator sport turlari bo‘yicha xalqaro miqyosdagi nufuzli musobaqalarda, qit’a va jahon chempionatlarida, Olimpiya va Osiyo o‘yinlarida Vatanimiz sharafini munosib himoya qila oladigan sportchi qizlar safi tobora kengaymoqda. Ular erishayotgan yuksak natijalar davlatimiz tomonidan munosib rag‘batlantirilmoqda. 30 sportchi qiz Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga sazovor bo‘lgani buning dalilidir.
Konferensiyada xotin-qizlar o‘rtasida sportni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar tahlil etilib, kelgusi vazifalar belgilab olindi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi E.Bositxonova so‘zga chiqdi.