"Saint Louis Rapid & Blitz 2026": Sindorov rapid yo‘nalishida 2-o‘rinni egalladi
AQSHning Sent-Luis shahrida 10 nafar grossmeyster ishtirokida o‘tayotgan “Saint Louis Rapid & Blitz 2026” turnirining rapid yo‘nalishi bahslari yakunlandi.
Umumiy mukofot jamg‘armasi 200 ming AQSH dollaridan iborat xalqaro turnirning rapid musobaqalarining so‘nggi turlarida hamyurtimiz Javohir Sindorov amerikalik Lener Dominges Perez, Avonder Liang va Uesli So bilan kuch sinashdi.
O‘tkazilgan uchta partiyada bir g‘alaba va ikki durang qayd etdi. Yettinchi turda Lener Dominges, 9-turda Uesli So bilan murosa yo‘lini tanlagan Javohir 8-turda Evonder Liangni taslim etdi.

Rapid bahslari sarhisobiga ko‘ra, Sindorov, 11 ochko bilan 2-o‘rinni egalladi. Hindistonlik Rameshbabu Praggnanandha 12 ochko bilan peshqadamlikka erishgan bo‘lsa, Uesli So 10 ochko bilan 3-o‘rinni band etdi.

Bugun, 5-avgust kuni xalqaro turnirning blits bahslarida 4 ta tur o‘yinlari bo‘lib o‘tadi.
Musobaqaning ilk turida Javohir qora donalarda amerikalik Levon Aronyan bilan kuch sinashadi.
Eslatib o‘tamiz, 6-avgustga qadar davom etadigan “Grand Chess Tour” seriyasining navbatdagi bosqichi hisoblangan ushbu turnirda 1-o‘rinni egallagan shaxmatchi 50 ming AQSH dollarini qo‘lga kiritadi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA