Said Ahmad hikoyalari turk tilida
Oʻzbekiston xalq Yozuvchi Said Ahmad asarlari bir qator qardosh va xorijiy tillarga tarjima qilingan.
Oʻzbekiston xalq Yozuvchi Said Ahmad asarlari bir qator qardosh va xorijiy tillarga tarjima qilingan. Har gal badiiy asar tarjimasiga oʻziga xos tarzdagi yondashuv adabiyot, yaxshi kitob targʻibotida muhim ahamiyat kasb etadi.
Oʻzbek adabiyotining buyuk namoyandasi, atoqli adib, Oʻzbekiston Qahramoni Said Ahmad tavalludining 100-yillik yubileyiga bagʻishlab Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti tarjimashunoslik va xalqaro jurnalistika kafedrasi mudiri, amaliyotchi tarjimon Xayrulla Hamidov va uning talaba-shogirdlari tomonidan adibning oʻnlab mashhur hikoyalari turk tiliga oʻgirildi.
Ushbu tarjimalar “Özbek Edebiyatiʼnin Seçme Eserleri. Said Ahmed. Hikâyeler” (“Oʻzbek adabiyotining sara asarlari. Said Ahmad. Hikoyalar”) nomi ostida, universitet rektori G.Rixsiyevaning soʻzboshisi bilan turk tilida nashr etildi.
Ustoz-shogird anʼanasi asosida amalga oshirilgan ushbu tarjimalar asosida chop etilgan kitobdan Said Ahmadning “Yelim”, “Sagʻana”, “Bir oʻpichning bahosi”, “Xomtalash”, “Xanka bilan Tanka”, “Bir yuz yetmish soʻmlik xurrak”, “Mening doʻstim Babbayev!”, “Iqror”, “Xotinboz chumchuq” singari hajviy hikoyalari bilan bir qatorda “Oʻn sakkiz yoshing”, “Sud”, “Qorakoʻz Majnun” kabi jiddiy hikoyalari tarjimasi ham oʻrin olgan.