Rustam Ashurmatov: Agar jamoaga 10 ballik tizimda baho beradigan bo‘lsam, 2 yoki 3 ball qo‘yardim
Biz guruhdan chiqa olmadik, birorta ham g‘alaba qozonmadik, ammo bizni juda katta tantana bilan kutib olishdi.
O‘zbekiston milliy terma jamoasi himoyachisi Rustam Ashurmatov "Kun.uz" nashriga bergan intervyusida Jahon chempionatidan qaytgach, terma jamoaga ko‘rsatilgan tantanali kutib olish marosimi va mundialdagi ishtirok haqida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
"Biz buni kutmagandik. Prezident bizga dalda berganidan keyin bu tadbir tashkil etildi. Albatta, kayfiyatimizni ko‘tarishga harakat qilishdi. Lekin ochig‘ini aytsam, o‘zimni noqulay his qildim. Nafaqat men, boshqa futbolchilar ham shunday his qildi. Biz guruhdan chiqa olmadik, birorta ham g‘alaba qozonmadik, ammo bizni juda katta tantana bilan kutib olishdi.Bizga juda noqulay bo‘ldi. O‘yladik: "Nega bizni bunchalik ulug‘lashyapti?" Ha, biz Jahon chempionatiga chiqdik va unda ishtirok etdik. Bu yaxshi, ayniqsa, ilk bor. Ammo ich-ichimizdan bunday tantanali kutib olishni qabul qila olmadik. Rostini aytyapman. Shunga qaramay, qo‘llab-quvvatlagan barchaga katta rahmat. Agar jamoaga 10 ballik tizimda baho beradigan bo‘lsam, 2 yoki 3 ball qo‘yardim. Chunki 11 ta gol o‘tkazib yubordik — bu juda ko‘p. Yana qaysi jihat uchun yuqoriroq baho berishim kerak? Ha, biz Jahon chempionatiga chiqib, butun xalqimiz, butun O‘zbekistonning orzusini amalga oshirdik. Kolumbiya va Portugaliyadan mag‘lub bo‘lganimizdan keyin ham muxlislar bizga ishonishdi. Lekin baribir biz mag‘lub bo‘ldik", — dedi Ashurmatov.