Rus tilini o‘qitishning ilg‘or tajribalari o‘rganilmoqda
“Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetida “Rus tili va madaniyati zamonaviy ta’lim texnologiyalari e’tiborida” deb nomlangan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazilmoqda.
Rossiya Federatsiyasi ta’lim vazirligi ko‘magida F.Dostoyevskiy nomidagi Omsk davlat universiteti hamda “Ipak yo‘li” turizm xalqaro va madaniy meros universiteti hamkorligida tashkil etilgan anjumanda Rossiya va O‘zbekistondan tashqari, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Armaniston, Belarus, Estoniya, Finlyandiya, Slovakiya, Ispaniya, Sloveniya, Mo‘g‘uliston va boshqa mamlakatlardan kelgan mutaxassislar ishtirok etmoqda.
Konferensiyadan rus tilida ochiq ta’lim va rus tilini o‘qitish markazlari faoliyatini yuritish, shuningdek, rus tilini chet tili sifatida o‘qitishda innovatsion texnologiyalar yordamida eng yaxshi ko‘nikmalarni tashkil etish va faoliyatda qo‘llash tajribalari bo‘yicha ma’ruzalar o‘rin olgan.
Anjumanda “Xorijdagi o‘qituvchi” va “Sinf!” dasturlari vakillari, oliy ta’lim muassasalari va rus tilidagi ta’lim markazlari o‘qituvchilari, viloyatlardagi rus tili va adabiyoti o‘qituvchilari ishtirok etmoqda.
Konferensiyaning ikkinchi kungi dasturlaridan davra suhbatlari va rus tilini chet tili sifatida o‘qitishning zamonaviy innovatsion usullari, chet elda rus tilini o‘qitishni tashkil etishdagi muvaffaqiyatli tajriba, madaniyatlararo o‘zaro hamkorlik masalalari bo‘yicha muhokamalar o‘rin olgan.
[gallery-4852]
G‘.HASANOV, A.ISROILOV (surat), O‘zA