Ruhiy salomatlik: yer yuzida bir milliarddan ortiq inson aziyat chekmoqda
10-oktabr — Butunjahon ruhiy salomatlik kuni
Ushbu sana jahon miqyosida insonning eng nozik, lekin shu bilan birga eng muhim tibbiy-ijtimoiy jihatiga e’tibor qaratish uchun muhim fursat hisoblanadi. Bu yilgi global muhokamalar jamiyat va sog‘liqni saqlash tizimi o‘rtasidagi eskirgan yondashuvlarni qayta ko‘rib chiqish, ruhiy salomatlikni saqlashda inson huquqlari, erkinligi va shaffoflikni ta’minlash zarurligini yaqqol ko‘rsatmoqda.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan e’lon qilingan so‘nggi hisobotlar hamda ilmiy-tadqiqot ma’lumotlari bugungi kunda dunyo aholisi duch kelayotgan ruhiy salomatlik muammolari naqadar ko‘lamli ekanini va ularni hal qilish uchun kechiktirib bo‘lmas qadamlar qo‘yish lozimligini isbotlamoqda.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, hozirgi kunda yer yuzida har yetti kishidan biri, ya’ni jami bir milliarddan ortiq inson turli ruhiy salomatlik buzilishlaridan aziyat chekmoqda. Bu ko‘rsatkich jamiyat uchun jiddiy signal bo‘lib, depressiya va xavotir holatlari umumiy kasallanishning katta qismini tashkil qiladi. JSST ma’lumotlariga ko‘ra, faqatgina depressiya va xavotir buzilishlarining o‘zi jahon iqtisodiyotiga yiliga qariyb 1 trillion AQSH dollari miqdoridagi mahsuldorlikni yo‘qotish shaklida zarar keltirmoqda.
Bu esa ruhiy salomatlik tibbiy, shuningdek, ulkan ijtimoiy-iqtisodiy omil ekanini ko‘rsatadi. Mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, ruhiy holatga ko‘plab omillar — zamonaviy hayot sur’ati, kundalik stresslar, ijtimoiy tengsizlik, noto‘g‘ri turmush tarzi, shuningdek, global o‘zgarishlar salbiy ta’sir qiladi. Ayniqsa, yoshlar o‘rtasida ruhiy barqarorlikning pasayishi va kognitiv qobiliyatlardagi qiyinchiliklar ilmiy hamjamiyatni jiddiy tashvishga solmoqda. Dunyo miqyosida har yuzta o‘limdan biridan ortig‘i o‘z joniga qasd qilish bilan bog‘liq bo‘lib, insonlar hayotini saqlab qolishda profilaktika ishlarini kuchaytirish eng oliy maqsad qilib qo‘yilgan.
JSSTning «Ruhiy salomatlik atlasi» va yangi hisobotida qayd etilishicha, dunyo mamlakatlarida ruhiy salomatlikka ajratiladigan davlat xarajatlari hamon juda kam — o‘rtacha sog‘liqni saqlash byudjetlarining atigi ikki foizini tashkil etadi. Natijada, tibbiy xizmat ko‘rsatish sifati va infratuzilmasi sekin rivojlanmoqda. Hanuzgacha dunyo bo‘ylab ruhiy salomatlik muammolariga ega minglab insonlar yirik statsionar psixiatriya shifoxonalari va ijtimoiy muassasalarda saqlanmoqda. Ularning qariyb yarmi bunday yopiq maskanlarda o‘z xohishiga qarshi ravishda oylar, yillar yoki o‘nlab yillar davomida ushlab turilib, tashqi dunyodan butunlay ajratib qo‘yilmoqda.
JSST tahlillariga ko‘ra, psixiatriya muassasalariga yotqizilganlarning to‘rtdan biridan ortig‘i (28 foizi) olti oydan ko‘p vaqt davomida o‘sha yerda qolib ketmoqda. Mamlakatlarning atigi 9 foizigina jamoatchilikka asoslangan ruhiy salomatlik xizmatlariga to‘liq o‘tgan bo‘lib, qolgan davlatlar hamon islohotlarning boshlang‘ich bosqichida turibdi.
Mana shunday sharoitda JSST tomonidan ilgari surilayotgan deinstitutsionalizatsiya (DI) jarayoni hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Bu konsepsiya uzoq muddatli shifoxonalarda saqlash modellaridan voz kechib, insonlarni o‘z jamoalari bag‘rida, oilasi va yaqinlari qurshovida, huquq va erkinliklari to‘la hurmat qilingan holda davolash va qo‘llab-quvvatlashga o‘tishni talab qiladi.
JSST Bosh direktori doktor Tedros Gebreyesus haqli ravishda ta’kidlaganidek, insonlar davolanish uchun o‘z erkinligi, qadr-qimmati yoki jamoadagi o‘rnidan voz kechishga majbur bo‘lmasligi kerak. Investitsiyalarni yopiq muassasalardan jamoatchilik ichidagi huquqlarga asoslangan xizmatlarga yo‘naltirish bugungi kunning eng ustuvor vazifasidir.
Shu bilan birga, joriy yilgi Butunjahon ruhiy salomatlik kunining asosiy g‘oyasi — «Eshitilgan shaxsiy tajribalar: haqiqiy ovozlar, haqiqiy o‘zgarishlar» shiori ostida har bir insonning ovoz eshitilishi muhimligini ko‘rsatadi. Muassasalardagi davolanish jarayonini, tizimning kamchiliklarini faqat bevosita shuni boshdan kechirgan insonlargina chuqur his qila oladi. Shu bois, ruhiy salomatlik tizimlarini isloh qilish, yangi qo‘llanmalar va qarorlarni qabul qilishda shaxsiy tajribaga ega insonlarni faol hamkor sifatida jalb etish kutilgan natijani beradi. Jamoatchilikka asoslangan xizmatlarga o‘tish jarayoni faqat tibbiyot xodimlarining tashabbusi bilan emas, balki jamiyatning barcha qatlamlari, shu jumladan bemorlar va ularning yaqinlari bilan birgalikda amalga oshirilishi lozim.
Ruhiy salomatlikni asrash, inson qadrini ulug‘lash va har bir fuqaroning to‘laqonli hayot kechirishini ta’minlash – bugungi kunda butun dunyo sog‘liqni saqlash va ijtimoiy siyosatining bosh mezon bo‘lib qolishi shart.
Mohigul Qosimova,
O‘zA