Ro‘ziqul Berdiyev «Nasaf» boshqaruvida 500-o‘yinini o‘tkazdi
Yubiley uchrashuvi «Nasaf» uchun omadli yakunlanmadi.
«Nasaf»ning «Paxtakor»ga qarshi Superliga 17-tur uchrashuvi Ro‘ziqul Berdiyev uchun alohida ahamiyat kasb etdi. Tajribali mutaxassis Qarshi jamoasi bosh murabbiyi sifatida 500-bahsini o‘tkazdi.
Yubiley uchrashuvi «Nasaf» uchun omadli yakunlanmadi. Qarshiliklar o‘z maydonida Toshkent klubiga 1:2 hisobida mag‘lub bo‘ldi. Shunga qaramay, Berdiyev O‘zbekiston klublari futbolida kamdan-kam uchraydigan natijani qayd etdi.
Uning boshqaruvida «Nasaf» 500 ta uchrashuvning 263 tasida g‘alaba qozongan. Yana 121 bahs durang bilan yakunlangan, 116 o‘yinda esa jamoa mag‘lubiyatga uchragan.
Mazkur statistikaga ko‘ra, qarshiliklarning Berdiyev davridagi g‘alabalar ulushi 52,6 foizni tashkil etadi. «Nasaf» o‘yinlarning 76,8 foizida maydonni ochko bilan tark etgan.
Ro‘ziqul Berdiyev 2012 yil oxiridan buyon Qarshi jamoasini boshqarib kelmoqda. Shu davr mobaynida «Nasaf» o‘z tarixida ilk bor O‘zbekiston chempioniga aylandi, shuningdek, mamlakat kubogi va Superkubogida bir necha bor zafar quchdi.
54 yoshli mutaxassisning klub bilan bog‘liq faoliyati qariyb 30 yil avval boshlangan. Berdiyev 1997–2008 yillarda «Nasaf» sharafini futbolchi sifatida himoya qilgan, keyinchalik esa jamoa boshqaruvini qo‘lga olgan.