Rossiyada xalqaro yosh yetakchilar forumi o‘tkazildi
O‘zbekiston Badiiy akademiyasi tasarrufidagi Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti 2-bosqich talabasi Shamsiqamar Suyunova «Rossiya – Markaziy Osiyo mintaqasi» VI xalqaro yosh yetakchilar forumida ishtirok etdi.
Institutning Tasviriy san’at fakulteti, "Dastgoh va kitob grafikasi" yo‘nalishida tahsil olayotgan Shamsiqamar Suyunova forumning ijodiy va madaniy tadbirlarida faol qatnashdi.
Forum doirasida Omsk davlat pedagogika universitetida «Ranglar muloqoti» (Dialog v kraskax) yo‘nalishida xalqaro jamoa bilan hamkorlikda rus xalq og‘zaki ijodi va an’analari ramzlaridan biri bo‘lgan ot tasviri aks ettirilgan yirik badiiy asar yaratildi.

Ushbu loyiha yosh ijodkorlarning xalqaro hamkorligini mustahkamlash, tajriba almashish hamda ijodiy salohiyatini namoyon etishga xizmat qildi.
Shuningdek, forum yakunida yaratilgan mazkur badiiy asar Yoshlar kuniga bag‘ishlangan tantanali bayram dasturi doirasidagi ko‘rgazmada namoyish etildi.
O‘zbekiston delegatsiyasi bayram tadbirlarida xalqaro madaniy almashinuv jarayonlarining faol qatnashchisiga aylandi. Talaba Shamsiqamar Suyunovaning mazkur nufuzli xalqaro forumdagi ishtiroki yoshlarning ijodiy salohiyatini namoyon etish, xalqaro hamkorlikni rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etdi.
G.Boboyeva,
O‘zA