Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi so‘nggi zarbalar tafsiloti
Rossiya Harbiy kuchlari tunda Ukrainaning harbiy-sanoat va yonilg‘i-energetika korxonalari, logistika markazlari hamda harbiy yuk tashuvchi kemalariga dron orqali ommaviy zarba berdi. Bu haqda “Anadolu” xabar bergan.
RF Mudofaa vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, Kiyev va poytaxt viloyatida dron ishlab chiqaruvchi “Tukans” korxonasi hamda xom ashyo ombori nishonga olingan. Odessada esa 3 logistika markazi, dron ehtiyot qismlari ombori va harbiy yuk olib kelayotgan kemaga shikast yetkazilgan.
Shuningdek, Rossiya havo hujumidan mudofaa tizimi tomonidan tun davomida mamlakatning o‘nlab viloyatlari, jumladan Belgorod, Kursk, Voronej, shuningdek Qrim, Boshqirdiston, Tatariston hamda Azov va Qora dengiz hududida Ukrainaga tegishli 514 dronni urib tushirgani xabar qilindi.
Belgorod viloyati rahbariyati hudud sutka davomida 150-marta hujumga uchraganini aytgan. Zarbalar oqibatida begunoh aholi vakillari – sakkiz kishi jarohatlangan. Ulardan ikki nafarining ahvoli og‘ir, deya baholanmoqda.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA