Rossiya urush uchun 202 milliard dollar sarflaydimi?
“Reuters” agentligi o‘rgangan hukumat hujjatiga ko‘ra, Rossiya 2027-yil mudofaa sohasiga 202,58 milliard dollar ajratishni rejalashtirgan. Bu dastlab ko‘zda tutilgan mablag‘dan 27 foiz ko‘p bo‘lib, 2022-yil Ukraina bilan harbiy harakat boshlangandan beri qayd etilgan eng yuqori ko‘rsatkichdir.
Hujjatda keltirilishicha, yaqin uch yil ichida mudofaa uchun umumiy hisobda 50 trillion rubl sarflanadi. Hukumat 2026-yil bu sohaga 12,1 trillion rubl ajratishni mo‘ljallagan edi, biroq amaldagi haqiqiy xarajat maxfiylashtirilgan. Shuningdek, harbiy sarfning bir qismi byudjetning boshqa bo‘limlarida ham aks etishi mumkin.
Bundan tashqari rasmiylar 2026-yilgi byudjet kamomadi taxminini 1,6 foizdan yalpi ichki mahsulotning 3,2 foizigacha oshirdi. Endi byudjet 13,2 foiz ortib, YAIMning 20,9 foizini tashkil etadi. Loyiha 1-oktabrgacha parlamentga taqdim etilishi kutilmoqda.
Ortib borayotgan kamomadni qoplash uchun o‘tgan hafta 2027-yildan boshlab yangi soliq joriy etilishi e’lon qilindi. Xususan, metallurgiya va konchilik kompaniyalari zimmasiga yuklanadigan qo‘shimcha boj har yili byudjetga taxminan 200 milliard rubl keltiradi.
2026-yil sof qarz olish rejasi 26 foiz oshirilib, 5 trillion rublga yetkaziladi. Kamomadni kamaytirish uchun esa Milliy farovonlik jamg‘armasi likvid qismidan taxminan 11 foiz sarflanadi. Neft va gaz daromadi prognozi 8,9 trillion rubldan 7,6 trillion rublga tushirildi. Davlat qarzi YAIMning 19,9 foizdan 2027-yil 21,7 foizga yetishi kutilyapti. Bu hukumat xavfsiz deb hisoblaydigan 20 foizlik me’yordan yuqori. Keyingi yil umumiy qarz miqdori 43 foiz oshib, 7,7 trillion rublni tashkil etadi (1 dollar - 84,4113 rubl.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA