Rossiya Armanistonga gaz berishni to‘xtatish bilan tahdid qildi (+video)
Moskva Armanistonga gaz yetkazib berishni davom ettirish uchun qator shartlar qo‘ygan. Yerevan esa Rossiya bilan kelishmovchilik kuchayib borayotgan bir paytda yonilg‘ining muqobil manbalarini izlayotgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda DW xabar bergan.
Yerevan qo‘yilgan 4 siyosiy talabni bajarmasa, Moskva Armanistonga gaz yetkazib berishni butunlay to‘xtatish bilan tahdid qildi. Bu ma’lumotni kecha Armanistonning «Graparak» gazetasi ham Rossiyadagi manbalariga tayanib tasdiqlagan. Hozir rejali ta’mirlash sabab gaz oqimi vaqtincha to‘xtatilgan, ichki talab esa ombordagi zaxira hisobidan qoplanyapti. Shuningdek, nashr manbalari ta’kidlashicha, 1-noyabr kuni kutilmagan yirik «avariya» yuz berishi yoki favqulodda holat yuzaga kelishi mumkin. Shundan so‘ng gaz yetkazib berish qayta tiklanmaslik ehtimoli bor. «Graparak» suhbatdoshlari ma’lum qilishicha, Yerevan Rossiyaning Gyumridagi harbiy bazasi keyingi taqdiri masalasini muhokama qilish va RF kapitaliga ega kompaniyalarga nisbatan chora ko‘rishdan voz kechsagina, Moskva bunday ssenariyning oldini olishga tayyor.
Gazeta yozishicha, Moskva qo‘ygan yana bir talab Armaniston Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi yoki Yevropa Ittifoqini tanlashi kerak. Jumladan, Yerevan Yevropa integratsiyasi jarayonini boshlash to‘g‘risidagi qonunni bekor qilishi yoki ayni masala bo‘yicha referendum o‘tkazish sanasini belgilashi lozim. Bundan tashqari Moskva Rossiyaga moyil siyosatchilarga nisbatan jinoiy ta’qibni to‘xtatish va Kreml uchun maqbul nomzodni Bosh vazir o‘rinbosari lavozimiga tayinlashni ham talab qilayotgani aytilgan.
Armaniston hanuz Rossiya gaziga bog‘liq bo‘lib qolmoqda. 2025-yil «Gazprom» respublikaga qariyb 2,7 milliard kub metr gaz eksport qilgan. Vladimir Putin Yerevan uchun imtiyozli gaz narxi ming kub metr uchun 177 dollar ekanini aytgan. Kreml Armaniston YeOII tarkibidan chiqsa, gaz narxi imtiyozli emas bozor qiymati asosida belgilanishini bildirgan.
16-sentabr kuni Armaniston Xavfsizlik kengashi kotibi Alen Simonyan respublika Rossiya gazi o‘rnini Ozarbayjon, Turkiya va Erondan xarid qilinadigan gaz bilan qoplashi mumkinligini aytdi. Nikol Pashinyan ham avvalroq Moskva gaz narxi bo‘yicha qanday qaror qabul qilishidan qat’i nazar, Armaniston boshqa gaz yetkazib berish manbalarini izlashini ma’lum qilgan.
Kenja Bekjonov, Iskandar Ismatov, (video) O‘zA