Rishtonda Xalqaro kulolchilik forumi
Farg‘ona viloyatining Rishton tumanida Xalqaro kulolchilik forumi ish boshladi. Xalqaro kulolchilik markazida xorijlik va mahalliy kulollarning mahsulotlar ko‘rgazmasi va savdosi tashkil etildi.
Xo‘sh, xorijlik mehmonlarning taassurotlari qanday?
Yevgeniya Bulachenko (Moldava): – Yana bir bor Rishtonga kelganimdan xursandman. Bundan ikki yil oldin ham bu yerga kelganman. Unda Baxtiyor Nazirovning uy muzeyiga borgan edim. Bu safar yirik anjumanda qatnashayotganimdan boshim osmonga yetdi. O‘zbekistonliklarning mehmondo‘stligi bizni doim hayratlantirib keladi. Mana bugun ham katta tantana bilan bizni qarshi olishdi. Forumdan umidim katta.

Abbas Safarov (Ozarbayjon): – Rishtonga ikkinchi marta kelishim. Avvalgi kelganimda "Mingboshi keramik" korxonasi katta taassurot qoldirgandi. Bu safargisi juda samarali kechmoqda. Sharoitlar juda yaxshi. Forum tashkilotchilariga rahmat.

Ozarbayjon kulolchiligi Boku, Shaki, Masalli, Zagatala maktablaridan iborat. Bizda ham qizil tuproq bor. Men ustaxonamda sopol idish, koshin yasayman. Bu yerga uch nafar hamkorim bilan keldim. Rishton kulollaridan ko‘p narsa o‘rganib, kelgusi faoliyatimda foydalanmoqchiman.

M.Sulaymonov, O‘zA