Rimda Jahon oziq-ovqat forumi boshlandi
Italiya poytaxti Rim shahridagi BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) bosh qarorgohida "Jahon oziq-ovqat forumi-2026"ning rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
“Bugun innovatsiya yarating. Ertaga oziqlantiring” shiori ostida o‘tkazilayotgan xalqaro forum oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, qishloq xo‘jaligiga innovatsion yechimlarni joriy etish va barqaror oziq-ovqat tizimlarini rivojlantirishga qaratilgan. Forumda qariyb 200 mamlakatdan 18 ming nafardan ortiq vakillar qatorida mamlakatimiz delegatsiyasi a’zolari ham ishtirok etdi.

Shuningdek, onlayn formatdagi ishtirokchilar soni 60 ming nafardan oshgani tadbirning global miqyosdagi ahamiyatini namoyon etdi. 2021-yilda tashkil etilgan Jahon oziq-ovqat forumi ilm-fan, innovatsiyalar, yoshlar tashabbuslari va investitsiyalarni oziq-ovqat tizimlarini rivojlantirishga yo‘naltirish, shuningdek, global muammolarga birgalikda yechim topish uchun muhim xalqaro muloqot maydoni hisoblanadi.
Forum doirasida qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish samaradorligini oshirish, zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish hamda xalqaro hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.

O‘zbekiston delegatsiyasining forumdagi ishtiroki mamlakatimizda agrar sohada amalga oshirilayotgan islohotlar va ilg‘or tajribalarni xalqaro hamjamiyat bilan muhokama qilish, xorijiy davlatlar hamda xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni kengaytirish va yangi istiqbolli tashabbuslarni ilgari surish uchun muhim ahamiyat kasb etdi.
G.Boboyeva,
O‘zA