Respublika olimpiya va paralimpiya sport markazi 65 yilligini nishonladi
Toshkent shahrida Respublika olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi tashkil etilganining 65 yilligi munosabati bilan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi sport vaziri o‘rinbosari Shahrillo Mahmudov va O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Sherzod Toshmatov, markazning turli yillardagi bitiruvchilari, faxriy mehmonlar, taniqli sportchilar, murabbiylar va jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar markazning mamlakatimiz sporti taraqqiyotidagi o‘rni va ahamiyatiga alohida to‘xtalib o‘tdi. Ta’kidlanganidek, 65 yil davomida mazkur ta’lim muassasasi yurtimiz uchun ko‘plab iqtidorli sportchilarni tarbiyalab, olimpiya va paralimpiya harakati rivojiga munosib hissa qo‘shib kelmoqda.
Ushbu dargohda tahsil olgan sportchilar orasida Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlari chempion va sovrindorlari, jahon hamda Osiyo chempionlari, xalqaro musobaqalar g‘oliblari yetishib chiqqan. Bugungi kunda ham markazda istiqbolli yoshlarni saralash, ularning jismoniy va ma’naviy salohiyatini yuksaltirish hamda yuqori malakali sportchilarni tayyorlash bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Tantanali marosimda markazning ko‘p yillik samarali faoliyati, mamlakatimizda olimpiya va paralimpiya sportini rivojlantirishdagi xizmatlari hamda erishilgan yutuqlari e’tirof etildi.
Shuningdek, sport sohasida uzoq yillar samarali mehnat qilib kelayotgan, yosh avlodni tarbiyalash va markaz faoliyatini rivojlantirishga munosib hissa qo‘shgan bir guruh xodimlar O‘zbekiston Respublikasi Sport vazirligining «Jismoniy tarbiya va sport a’lochisi» ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. Mukofotlar o‘z egalariga tantanali ravishda topshirildi.
Tadbir doirasida markazning 65 yillik tarixi, faoliyati va turli yillarda erishgan natijalarini aks ettiruvchi videolavhalar namoyish qilindi. Faxriylar va bitiruvchilar o‘z xotiralari bilan o‘rtoqlashib, jamoaga kelgusi faoliyatida ulkan muvaffaqiyatlar tiladi.
San’at ustalari ijrosidagi kuy-qo‘shiqlar tadbirga ko‘tarinki ruh bag‘ishladi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA