Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Surxondaryoda
FOTOREPORTAJ
Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Surxondaryo viloyatiga tashrif buyurib, viloyatdagi harbiy qismlar hamda harbiy ta’lim muassasalarida “Milliy armiya – Ona yurt qalqoni, tinchligimiz posboni!” mavzusida o‘tkazilgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarda ishtirok etdi.
Davlatimiz rahbarining Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasi hamda Xavfsizlik Kengashida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida tashkil etilgan tadbirlar ma’naviy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyatini yanada chuqurroq anglash imkonini berdi.
Tashrif doirasidagi dastlabki manzil Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug tasarrufidagi Kakaydi garnizonida joylashgan harbiy qism bo‘ldi. Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari harbiy qism hududida tashkil etilgan Adiblar xiyobonida kutib olindi. Bu yerda jadidlar hayoti va faoliyati, milliy qadriyatlar, urf-odatlar hamda Surxondaryoga xos doston va folklor namunalarini aks ettiruvchi ko‘rgazmalar namoyish etildi.
Uchrashuv davomida turli hududlardan kelib harbiy xizmat o‘tayotgan askarlar mahalliy etnomadaniy an’analarga qiziqib, chanqovuz va do‘mbira chalishni, terma va doston ijrosini o‘rganganliklarini namoyish etdilar. Shuningdek, harbiy xizmatchilarni kasbga yo‘naltirish bo‘yicha yaratilgan shart-sharoitlar bilan ham tanishildi.
Shundan so‘ng tadbirning asosiy qismi bo‘lib o‘tdi. Unda Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Prezident Murojaatnomasida belgilangan ustuvor vazifalar, Qurolli Kuchlarning jangovar tayyorgarligi, harbiy xavfsizlik va mudofaani mustahkamlash, shuningdek, harbiy xizmatchilar uchun yaratilayotgan yangi imkoniyat va imtiyozlar xususida so‘z yuritdi. Kuchli va fidoyi Vatan himoyachisini tarbiyalashda ma’naviyat va ma’rifatning o‘rni alohida ekanligi ta’kidlandi.
Tadbir doirasida jadidlar faoliyatiga bag‘ishlangan teatrlashtirilgan sahna ko‘rinishlari va ma’naviy-ma’rifiy videoroliklar namoyish etildi. Shu kabi tadbir Termiz shahridagi “Yosh chegarachilar” maktabida ham o‘tkazilib, unda Vatanga sadoqat, tarbiya va ma’naviy kamolot mavzularida suhbatlar bo‘lib o‘tdi.
[gallery-27530]
Shu kuni viloyat ziyolilari bilan uchrashuv ham tashkil etildi. Suhbatda yoshlar tarbiyasida milliy qadriyatlarni mustahkamlash, ma’naviy faollikni oshirish va raqamli muhitda samarali targ‘ibotni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida milliy ma’naviyat jamiyat taraqqiyoti va yoshlar kamoloti uchun muhim omil ekani yana bir bor qayd etildi.
Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat), O‘zA