Rektor mahalla yoshlari bilan uchrashdi
Davlatimiz rahbari 2023-yil 11-aprel kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida adashgan va ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularni tarbiyalash, to‘g‘ri yo‘lga qaytarish, kasbga o‘rgatish, o‘qitish va ish bilan ta’minlash maqsadida bunday yoshlarni vazirliklar tizimidagi obro‘-e’tiborli, boy hayotiy tajribaga ega rahbarlarga biriktirish an’anasini joriy etishni taklif qilgandi.
Shunga ko‘ra, har bir mahallaga biriktirilgan rahbarlarga joylardagi holatni to‘laqonli aniqlash maqsadida xonadonma-xonadon o‘rganish, yoshlar o‘rtasidagi muammolarni aniqlash, ularga tezda yechim topish vazifasi yuklatilgandi.


Shahrisabz davlat pedagogika instituti rektori v.v.b. Jamshid Shonazarov o‘ziga biriktirilgan Shahrisabz shahri Qorasuv mahallasi hududidagi davlatning alohida ko‘magiga muhtoj og‘ir toifadagi 14 nafar yoshning holidan xabar oldi. Uchrashuv davomida rektor yoshlar bilan suhbatlashdi, ularning muammolarini tingladi.

Rektor yoshlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida ularning ilm-fan, texnika, san’at, madaniyat, sport, kasbga o‘rgatish va boshqa yo‘nalishlarda yurtimizdagi boshqa yoshlar qatori o‘z o‘rnini topishida ularga amaliy yordam berishga tayyor ekanligini ta’kidlab o‘tdi.


Mas’ullar ishtirokida “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqilib, mazkur toifadagi yoshlarning qiziqishi va ularning muammolarini o‘rganib, ularga bosqichma-bosqich ko‘mak berishga kelishib olindi.
Institut rektorining mahalla yoshlari bilan uchrashuvlari davom etmoqda.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri