Reklama va e’lonlar davlat tilida berilishi kerak
“Reklama to‘g‘risida”gi qonunning 6-moddasida O‘zbekiston Respublikasi hududida reklama O‘zbekiston Respublikasining davlat tilida tarqatilishi belgilangan. Shu bilan birga reklama mazmunining tarjimasi ma’lum bir qoidalarga rioya etgan holda boshqa tillarda takror berilishi mumkin. Belgilangan tartibda ro‘yxatga olingan tovar belgilari (xizmat ko‘rsatish belgilari), bosma usulda terilgan bo‘g‘inli belgilar (logotiplar) asli qaysi tilda bo‘lsa, shu tilda keltirilishi mumkin.
Ammo amaliyotda hamma vaqt ham bu talablarga rioya etilmayotganini ko‘ramiz. Shaharlar va hatto, qishloq joylarida reklama va e’lonlar boshqa tillarda, imlo qoidalari buzilgan holda berilganiga har qadamda duch kelamiz. Mahsulotlar yorliqlaridagi xatolargaku ko‘nikib qoldik.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Samarqand viloyati prokuraturasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasining “Reklama to‘g‘risida”gi qonuni hamda sohaga oid boshqa qonunchilik ahvoli o‘rganilganda viloyat hududlaridagi 920 ta tashqi yozuvlar, lavha, e’lon, reklamalar va boshqa ko‘rgazmali axborot matnlarini joylashtirishda “Davlat tili haqida”gi qonun va o‘zbek tilining asosiy imlo qoidalariga rioya etilmaganligi aniqlangan. Shuningdek, 102 holatda o‘rnatilgan tashqi reklamalar odob-axloq qoidalariga mos emasligi qayd etilgan.
– O‘rganishlar sohada o‘z yechimini kutayotgan qator tizimli muammolar mavjudligini ko‘rsatdi, – deydi Samarqand viloyati prokuraturasi bo‘lim boshlig‘i Xurshid Musurmonov. – Reklamani tayyorlash, joylashtirish, tarqatish, nomaqbul reklama berish hamda reklama to‘g‘risidagi qonunchilikda belgilangan boshqa maxsus talablar ijrosi yuzasidan olib borilayotgan ishlar ham yetarli darajada emas. Aniqlangan qonunbuzilishi holatlarini bartaraf etish uchun tegishli idoralarga taqdimnomalar kiritildi, qonun talablariga zid yoki nomaqbul 920 ta reklama matnlari olib tashlandi.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri