Registonda “101-reys” namoyish etildi
Samarqandda O‘zbekiston Kinematografiya agentligi hamda viloyat hokimligi hamkorligida tashkil etilgan “Yangi O‘zbekiston – inson qadri ulug‘langan yurt” shiori ostidagi “Kinokarvon” aksiyasi doirasida Registon maydonida kinoijodkorlar bilan uchrashuv, filmlar taqdimoti va namoyishi o‘tkazildi.
Kinematografiya agentligi bosh direktori Firdavs Abduxoliqov, Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari Rustam Qobilov hamda o‘zbek kino san’ati vakillari mazkur aksiya viloyatning olis hududlaridagi aholi bilan yuzma-yuz muloqot qilish, kino olami yangiliklari bilan ularni yaqindan tanishtirish uchun qulay imkoniyat bo‘lganini ta’kidladi.
Uchrashuvda 101 nafar o‘zbek askari jasoratiga bag‘ishlangan “Matonat” hujjatli filmi ijodkorlariga minnatdorlik bildirilib, ular agentlik va Samarqand viloyati hokimligi tomonidan munosib rag‘batlantirildi. Shuningdek, ayni paytda suratga olinayotgan Samarqand farzandi, buyuk sarkarda Bahodir Yalangto‘sh qahramonligi haqidagi “Bahodir Yalangto‘sh” badiiy filmini tayyorlash jarayonlari to‘g‘risida ma’lumot berildi.
– Ushbu filmga tayyorgarlik jarayoni juda katta mas’uliyat talab qiladi, – deydi film rejissyori Jahongir Ahmedov. – Negaki, bu yerda nafaqat mamlakatimiz, balki jahonga mashhur sarkarda hayoti va faoliyati haqida gap ketyapti. Filmni yaratish bo‘yicha tarixchi olimlar va mutaxassislar bilan bamaslahat ishlayapmiz.
Uchrashuv so‘ngida 2001 yil 11 sentyabrda Nyu-Yorkda terrorchilik harakati sodir etilgan paytda O‘zbekiston aviakompaniyasiga tegishli “Boing-757” samolyoti 101-reys ekipaji ko‘rsatgan qahramonlik haqida hikoya qiluvchi “101-reys” badiiy filmi namoyish etildi.
G‘.HASANOV, O‘zA