Regbi-7: “Talabalar ligasi”ning g‘oliblari aniqlandi
Poytaxtimizda regbi-7 bo‘yicha an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan “Talabalar ligasi” bahslari bu gal har qachongidan ham qiziqarli kechdi.
Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti stadionida tashkil etilgan turnirda respublikamizning turli oliy ta’lim muassasalari talaba-yoshlaridan tashkil topgan 10 dan ortiq jamoalar ishtirok etdi.
Talabalarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish, yoshlar o‘rtasida ommaviy sportni keng targ‘ib etish hamda olimpiya sport turi bo‘lgan regbi-7 bo‘yicha iqtidorli sportchilarni saralash maqsadida tashkil etilgan bahslarda 1-o‘rin O‘zbekiston Milliy universiteti jamoasiga nasib etgan bo‘lsa, keyingi o‘rinlarni O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti, Urganch davlat universiteti hamda Nukus davlat pedagogika instituti vakillari joy olishdi.

– Ushbu sport turi, ayniqsa, regbi-7 yo‘nalishi yurtimizda keng ommalashib bormoqda. Boisi, aynan ushbu yo‘nalishdagi sportchilarimiz kelgusida Osiyo o‘yinlarida, jahon chempionatlarida ishtirokini ta’minlash nazarda tutilgan. Bugungacha harbiylar, turli yosh toifalari bo‘yicha iqtidorli regbichilar saralanib, terma jamoalar shakllantirilayotgan edi. Endi talabalar orasidan ham talantli sportchilarni aniqlash, terma jamolarga jalb etish nazarda tutilmoqda, – deydi O‘zbekiston regbi federatsiyasi matbuot xizmati xodimi Muslima Abdumalikova.
Musobaqa yakunida g‘olib va sovrindor jamoalarga, iste’dodini namoyish qilgan regbichilarga turnir tashkilotchilarining esdalik sovg‘alari va diplomlari topshirildi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA