“Referendumda o‘z ovozim bilan ishtirok etaman”
Shu kunlarda mamlakatimizda kechayotgan muhim siyosiy jarayon – referendum barchamizning diqqat markazimizda bo‘lib turibdi. Hududlarda Konstitutsiyaviy qonun loyihasi mazmuni hamda referendumning ahamiyatini keng tushuntirishga, targ‘ib etishga qaratilgan tadbirlar qizg‘in ruhda tashkil etildi. Mazkur tadbirlarda aholi vakillari referendumda faol ishtirok etishga chaqirildi.
Yurtdoshlarimiz ham mazkur jarayondagi ishtiroki, ovozi mamlakat ertasi uchun muhim ekanini alohida e’tirof etmoqda.
Ramazon Abduhalilov, mehnat faxriysi:
– Yangilanayotgan Konstitutsiyada jamiyatning barcha qatlamlari manfaatlari inobatga olingani e’tiborga molik. Bugun aholi davlatning g‘amxo‘rligini, insonparvarlik siyosatini o‘z hayoti misolida sezyapti, his qilyapti.
Yangilanayotgan Bosh qomusimizda pensiya, nafaqa va boshqa ijtimoiy yordamning miqdorlari eng kam iste’mol xarajatlaridan oz bo‘lishi mumkin emasligi belgilanmoqda. Davlatimiz uy-joyli bo‘lish, bepul tibbiy yordam, kasb-hunar o‘rganish, yetarli ish haqi va pensiya olish uchun qonuniy imkoniyat yaratishni bo‘yniga olyapti. Bu kabi yangi normalar hammamizning kelgusi taqdirimiz, ertamiz uchun juda muhim. Shuning uchun ham 30 aprel kuni oila a’zolarimiz bilan referendumda faol ishtirok etib, o‘z ovozimiz bilan ertangi kunimizga hissa qo‘shamiz.
Diyora Vohidova, talaba:
– Yangilanayotgan Asosiy qonunimizda mamlakatimiz fuqarolari, shu jumladan xotin-qizlar va yoshlarning huquq-manfaatlarini himoya qilishga alohida e’tibor qaratilgan. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizga ko‘ra, davlat yoshlarning ma’naviy, intellektual, ijodiy, jismoniy va axloqiy jihatdan shakllanishi hamda rivojlanishi uchun, ularning ta’lim olish, sog‘lig‘ini saqlash, uy-joy, ishga joylashish, bandlik va dam olishga bo‘lgan huquqlarini amalga oshirish uchun shart-sharoit yaratish bo‘yicha majburiyatni o‘z zimmasiga olmoqda. Bu normalar nafaqat biz yoshlar manfaati, balki butun jamiyatimiz va mamlakatimiz farovonligiga xizmat qiladi.
Bundan tashqari, yangilanayotgan Konstitutsiyamizda tanlov asosida davlat hisobidan bepul oliy ma’lumot olish, nodavlat ta’lim tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risidagi qoidalar yosh avlod vakillariga yanada keng imkoniyatlar yaratadi. Shu bois, 30 aprel kuni bo‘lib o‘tadigan referendumda ishtirok etib, o‘zim va yurtim kelajagi uchun ovoz beraman.
O‘zA muxbiri Muhtarama Komilova tayyorladi.