Referendum byulletenining shakli tasdiqlandi
Bugun Markaziy saylov komissiyasining majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasining referendumida ovoz berish byulletenining shakli va tavsifi tasdiqlandi.
— Referendumda ovoz berish byulleteniga “O‘zbekiston Respublikasining referendumi to‘g‘risida”gi Qonunning 29-moddasiga asosan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2023 yil 10 martdagi hamda Oliy Majlis Senatining 14 martdagi qarorlarida ko‘rsatilgan masalaning matni kiritildi va ovoz beruvchi xohish-irodasining variantlari «ha» yoki «yo‘q» deb ko‘rsatildi, — dedi Markaziy saylov komissiyasi raisi o‘rinbosari Bahrom Qo‘chqorov. — Shuningdek, ovoz berish byulletenida uni to‘ldirish tartibi to‘g‘risida ham tushuntirish beriladi. Ovoz berish byulletenlarini ko‘zi ojiz ovoz beruvchilar tomonidan to‘ldirish uchun Brayl alifbosi asosida trafaretlar ham tayyorlanadi. Ovoz berish byulletenlari referendum o‘tkazuvchi okrug komissiyalari tomonidan taqdim etilgan ma’lumotga muvofiq referendum okrugi bo‘yicha ovoz beruvchilar sonini, shu jumladan referendum okrugi hududida istiqomat qilayotgan ko‘pchilik aholi so‘zlashadigan tillarda ovoz berish byulletenlarini tayyorlash bo‘yicha ehtiyojni inobatga olgan holda chop etiladi.
Yig‘ilishda komissiya tomonidan ovoz berish byulletenlarini referendum o‘tkazuvchi uchastka komissiyalariga belgilangan muddatlarda yetkazib berish choralari belgilandi.
Shuningdek, majlisda O‘zbekiston Respublikasining referendumida xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlardan qatnashadigan kuzatuvchilarni hamda ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditatsiyadan o‘tkazish masalasi ham ko‘rib chiqildi.
Qayd etilganidek, bugungi kunda ko‘plab xalqaro nashrlarda referendumga tayyorgarlik jarayonlari, MSKning yig‘ilishlariga oid materiallar chop etilmoqda. Bu mamlakatimizda kechayotgan siyosiy jarayonlarga katta qiziqish bilan qaralayotganidan dalolat beradi.
Ta’kidlanganidek, MSK qarori bilan Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi Parlamentlararo Assambleyasi, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari byurosi, Gruziya va Ozarbayjon davlatlari Markaziy saylov komissiyasi hamda xorijiy mamlakatlardan jami 26 nafar kuzatuvchi akkreditatsiyadan o‘tkazildi. Shuningdek, Markaziy saylov komissiyasiga kelib tushgan murojaatlarga ko‘ra, 14 ta mahalliy ommaviy axborot vositasining jami 62 nafar vakili akkreditatsiyadan o‘tkazildi. Endilikda akkreditatsiyadan o‘tkazilgan mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillarining umumiy soni 346 nafarni tashkil etmoqda.
Majlisda, shuningdek, referendum o‘tkazuvchi 6-Namangan, 8-Sirdaryo,
12-Xorazm okrug komissiyalari raislarining referendumga tayyorgarlik ko‘rish va uni yuqori saviyada o‘tkazish borasida amalga oshirilayotgan ishlari xususidagi axborotlari tinglandi.
Majlis so‘nggida kun tartibidagi masalalar bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qilindi.
Muhtarama Komilova, Doniyor Yoqubov (surat),O‘zA