Rassom ijodida ota xotirasi
O‘zbekiston xalq artisti Botir Zokirov iste’dodli xonanda bo‘lishi bilan birga, tasviriy san’at, adabiyot, kompozitorlik kabi yo‘nalishlarda ham samarali ijod qilgan san’atkor edi.
Musavvirlikka muhabbat uning farzandi Bahodir Zokirov faoliyatida ham yaqqol ko‘zga tashlanadi.
O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Ikuo Xirayama xalqaro madaniyat karvon saroyida tashkil etilgan badiiy ko‘rgazmada bu jihatlarga yana bir karra ishonch hosil qilish mumkin.
O‘zbekiston xalq artisti Botir Zokirov tavalludining 85 yilligiga bag‘ishlab san’atkorning o‘g‘li – Bahodir Zokirovning “Otam xotirasiga” nomli shaxsiy ko‘rgazmasi boshlandi.
Bahodir Zokirov 1965 yil 2 dekabrda Toshkent shahrida tug‘ilgan. San’atkorlar oilasida dunyoga kelgan Bahodirning bolalikdan musiqa va tasviriy san’atga mehri baland edi. Bobosi – O‘zbekiston xalq artistlari Karim Zokirov va buvisi – taniqli san’atkor Shoista Saidova, ota-onasi – O‘zbekiston xalq artistlari Botir Zokirov va Erkli Malikboyeva xonadonida kamolga yetgan Bahodirning boshqa soha vakili bo‘lishi ham mumkin emasdi aslida. U yaxshigina kompozitor, shoir va rejissyor bo‘lib yetishdi. 1988 yili Toshkent davlat universitetining «Sharqshunoslik» fakultetini tugatdi.
Bahodir Zokirov iste’dodi bois 1973 yildan boshlab kino san’atida ish boshladi. Shu kungacha 40 dan ortiq filmlarga qo‘shiq va musiqalar bastaladi. B.Zokirov ko‘plab qo‘shiqlar matni muallifidir.
Bahodir aka tasviriy san’at sohasida ham o‘z uslubi va ijod yo‘liga ega bo‘lgan ijodkor sanaladi. Rassomning “Sening sevging” nomli birinchi shaxsiy ko‘rgazmasi 2015 yili O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Ikuo Xirayama xalqaro madaniyat karvon saroyida bo‘lib o‘tgan edi. O‘tgan yillar davomida Bahodir Zokirov yangi asarlar yaratdi. O‘zbekiston xalq artisti Botir Zokirov tavalludining 85 yilligiga bag‘ishlangan ushbu ko‘rgazmasini “Otam xotirasiga”, deb nomladi.
Ko‘rgazmadan o‘rin olgan 50 ga yaqin asarlar rassomning ruhiyati, orzu havasu, ishtiyoqini aks ettiradi. Uning chin insoniy tuyg‘ular, teran falsafiy g‘oyalarga boy asarlari tomoshabinni mushohadaga undashi bilan ahamiyatlidir. Uning keyingi yillarda ishlangan «Bog‘», «Anorlar», «Xotira», «Atirgul», «Varrak», «Raqs» kabi asarlarida inson va tabiatning uyg‘unligi aks etgan.
N.Usmonova, O‘zA