Rasmiy munosabat: 285 nafar qizamiq bilan kasallangan bemorning 62 foizi 1 yoshgacha bo‘lgan, 25 foizi 1-3 yoshli bolalardir
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan xabarlarga ko‘ra, Namangan viloyatida qizamiqqa chalingan bolalar soni keskin ortib bormoqda. Xabarlarga ko‘ra, har o‘n nafar bolaning 9 tasi uy sharoitida, og‘ir ahvoldagi bemorlargina shifoxonada davolanmoqda. Shunga qaramay, shifoxonalarda joy yetishmayapti, soha mas’ullari esa bor vaziyatni bekitmoqda.
Xo‘sh, bu xabarlar qanchalik haqiqatga yaqin? Viloyatda qizamiq kasalligi bilan bog‘liq epidemiologik vaziyat qanday?
Shu savollar bilan Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi axborot xizmatiga murojaat qilganimizda quyidagilarni ma’lum qildi:
– Viloyatda qizamik kasalligi bilan gumon qilingan bemorlarni statsionar davolash uchun 340 shifo o‘rni tashkil etilgan. Bundan 240 shifo-o‘rni viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasida, 100 shifo o‘rni viloyatning Beshkapa bolalar sihatgohida tashkil etilgan.

Ayni paytda viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasida 240 o‘rinda 235 nafar bemor davolanmokda, 5 ta shifo-o‘rni zaxirasi mavjud, Beshkapa bolalar sihatgohida 100 o‘rinda 2 yoshdan yuqori bemorlardan 20 nafari davolanmokda, 80 shifo-o‘rni zaxirasi mavjud. Hozirgi kunda viloyatda jami 85 shifo-o‘rni zaxirasi bor, 285 nafar bemorning 62 foizi 1 yoshgacha bo‘lgan, 25 foizi 1-3 yoshdagi bolalardir. Bugungi kunda viloyatda diagnostikum, reagent va vaksinalarning yetarli miqdorda zahirasi yaratilgan.
Viloyatga 9500 doza qizamiq-qizilcha vaksinasi berilgan bo‘lib, jami 1936 nafar bola epidemiologik ko‘rsatma asosida qizamiq kasalligiga qarshi vaksina bilan emlangan. Hozirda davolash profilaktika muassasalari emlash xonalarida 310 doza qizamiq-qizilcha vaksinasi zaxirasi mavjud.

2023 yilning 10 oyi davomida viloyat bo‘yicha jami 735 ta qizamiq kasalligi laboratoriya tekshiruvida tasdiqlangan.
Rasmiy munosabatda ta’kidlanishicha, joriy yilning noyabr oyida O‘zbekiston Respublikasi davlat byudjeti hisobidan 3 mln. doza qizamiqqa qarshi vaksinalar xarid qilindi. Ushbu vaksinalar epid ko‘rsatma bo‘yicha emlanadigan qatlam, ma’lum sabablarga ko‘ra emlashdan qolib ketgan bolalar hamda xavf guruhiga kiruvchi, qizamiq kasali bo‘lgan bemor bilan muloqotda bo‘lgan 6 oydan 5 yoshgacha bo‘lgan bolalarni emlash uchun mo‘ljallangan va ayni vaqtda hududlarga tarqatilmoqda.
Mohigul Qosimova tayyorladi, O‘zA