Raqobat qo‘mitasi: yarim yilda 23,2 mingdan ortiq murojaat kelib tushdi
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasida 2026-yilning birinchi yarim yilligida jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushgan murojaatlar tahliliga bag‘ishlangan brifing o‘tkazildi.
Ma’lum qilinishicha, hisobot davrida Qo‘mitaga jami 23 ming 200 ga yaqin yozma, elektron va og‘zaki murojaat kelib tushgan. Xususan, 1 254 tasi yozma, 6 299 tasi elektron hamda 15 615 tasi og‘zaki murojaatlar bo‘lib, ular shaxsiy va sayyor qabullar, mas’ul xodimlar qabuli hamda 1159 ishonch telefoni orqali qabul qilingan.
Manbalar kesimida tahlil qilinganda, murojaatlarning 6 tasi Vazirlar Mahkamasidan, 592 tasi boshqa tashkilotlardan tegishliligi bo‘yicha, 656 tasi bevosita jismoniy va yuridik shaxslardan, 310 tasi Qo‘mitaning elektron pochtasi orqali kelib tushgan. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining virtual qabulxonasi orqali 6 690 ta, Xalq qabulxonalaridan 27 ta, Qo‘mitaning rasmiy veb-sayti orqali 342 ta, 1159 qisqa raqami orqali esa 14 345 ta murojaat qabul qilingan. Bundan tashqari, Qo‘mita rahbariyatining shaxsiy va sayyor qabullari orqali 76 ta, mas’ul xodimlar qabullari orqali esa 124 ta murojaat qayd etilgan.

Tahlillarga ko‘ra, murojaatlarning asosiy qismi iste’molchilar huquqlarini himoya qilish, raqobat to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga rioya etilishi, reklama sohasidagi munosabatlar, savdo va xizmat ko‘rsatish, kommunal xizmatlar, aloqa, transport hamda qurilish yo‘nalishlariga to‘g‘ri keladi. Qo‘mita tomonidan murojaatlarni o‘z vaqtida va sifatli ko‘rib chiqishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, rahbariyatning hududlarda o‘tkazayotgan sayyor qabullari davomida ko‘plab masalalar joyida ijobiy hal etildi.
Shu bilan birga, kelib tushgan murojaatlar tahlili asosida 10 ga yaqin yo‘nalishda tizimli o‘rganishlar tashkil etildi. Ularning natijasida 10 million 459 ming 182 nafar fuqaroning manfaati himoya qilinib, iste’molchilar foydasiga qariyb 59 milliard so‘m mablag‘ qayta hisob-kitob qilinishi ta’minlandi.
Qayd etilishicha, murojaatlar bilan ishlash ko‘rsatkichlari har chorak yakunida Qo‘mitaning rasmiy axborot resurslari va ijtimoiy tarmoqlarda keng jamoatchilikka e’lon qilib boriladi. Shu bilan birga, Qo‘mita va uning hududiy organlarida murojaatlar bilan ishlash holati muntazam ravishda tahlil qilinib, mas’uliyatsizlikka yo‘l qo‘ygan xodimlarga nisbatan tegishli intizomiy choralar ko‘rilmoqda.
Otabek Usmonov,
Raqobat qo‘mitasi raisining
jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha maslahatchisi