Raqobat qo‘mitasi xususiy aviakompaniyalardagi qonunbuzilish holatlarini o‘rganmoqda
Raqobat qo‘mitasi “CENTRUM AIR” va “Qanot Sharq” xususiy aviakompaniyalari faoliyati yuzasidan Fuqaro aviatsiyasi agentligiga so‘rov yubordi. Bunga aviachiptalarning ortiqcha sotilishi, reyslarning kechikishi hamda iste’molchilar huquqlari bilan bog‘liq murojaatlar soni ortib borayotgani sabab bo‘lgan.
Qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, aviaqatnovlar bo‘yicha 2025-yilda 127 ta, 2026-yilning dastlabki 4 oyida esa 145 ta murojaat kelib tushgan. O‘rganishlarda ko‘rsatilmagan xizmat uchun haq olinishi, parvoz vaqtiga rioya etilmasligi va sifatsiz xizmat ko‘rsatilishi kabi holatlar aniqlangan.
Murojaatlarda yo‘lovchilarga xizmat haqida yetarli ma’lumot berilmasligi, rasmiy chiptaga ega bo‘lgan yo‘lovchilarni reysga chiqarmaslik, bir necha soatlik kechikishlar sabab aeroportlarda qolib ketish holatlari hamda zarar uchun kompensatsiya to‘lanmayotgani bo‘yicha e’tirozlar bildirilgan.
Qo‘mita o‘rganishlarida “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun, “Havo kodeksi” va havo transporti qoidalari talablariga yetarlicha rioya qilinmayotgani qayd etildi. Xususan, kechikkan reyslar vaqtida yo‘lovchilarni oziq-ovqat, mehmonxona va transport bilan ta’minlash, ortiqcha bron qilingan holatlarda kompensatsiya berish kabi majburiyatlar to‘liq bajarilmayotgani aytildi.
Shu munosabat bilan Raqobat qo‘mitasi to‘plangan ma’lumotlarni ko‘rib chiqish va zarur choralarni belgilash uchun Fuqaro aviatsiyasi agentligiga rasmiy so‘rov kiritgan. Ayni paytda respublikadagi barcha aviakompaniyalar faoliyati bo‘yicha reyslar kechikishi va kompensatsiya holatlari yuzasidan tahliliy o‘rganishlar ham olib borilmoqda.
Qo‘mita fuqarolarni aviatashish xizmatlarida huquqlari buzilgan taqdirda 1159 ishonch raqamiga murojaat qilishga chaqiradi.
Nigora Rahmonova,
O‘zA