Raqamli tibbiyot: elektron poliklinikadan qanday foydalaniladi?
Tibbiy madaniyat
Mamlakatimizda tibbiyot tizimini raqamlashtirish orqali aholiga ko‘plab qulayliklar yaratilmoqda. Shulardan biri bo‘lgan “Elektron poliklinika” moduli vaqtni tejash va ortiqcha ovoragarchiliklarning oldini olishga xizmat qiladi.
Ushbu raqamli xizmatdan foydalanish uchun avvalo, DMED tizimi ilovasini telefonga yuklab olib, ro‘yxatdan o‘tiladi.
Poliklinika hamda biriktirilgan oilaviy shifokoringiz tanlanadi.Oilaviy shifokorga my.gov.uz, DMED ilovasi, poliklinika ro‘yxatxonasi yoki “Muxlisa” infokioskasi orqali onlayn tarzda navbatga yozilish mumkin.
Qabul vaqtida poliklinikaga birinchi marta kelayotgan bo‘lsangiz, avval amaliyotchi hamshiraga uchrashasiz. U sizni skrining so‘rovnomasidan o‘tkazib, so‘ng oilaviy shifokorga yo‘naltiradi.
Oilaviy shifokor sizni ko‘rikdan o‘tkazadi. U o‘z vakolati doirasida davolaydi yoki zarurat tug‘ilsa, laboratoriya tekshiruvlari va tor soha mutaxassisiga yo‘llanma beradi.
Oilaviy shifokoringiz tomonidan tor soha mutaxassisiga navbat belgilanadi. Tor soha mutaxassisi esa laborator va instrumental tekshiruvlar asosida yakuniy tashxisni qo‘yadi.
Shifokor tashxisdan kelib chiqqan holda elektron retseptni shakllantiradi.
Tor soha mutaxassisining xulosasini DMED tizimi orqali kuzatib borgan oilaviy shifokoringiz siz uchun individual nazorat rejasini ishlab chiqadi.
Kasallik turiga qarab davolanish jarayoni quyidagicha tashkil etiladi:
Ambulator sharoitda;
Uy shifoxonasida;
Kunduzgi shifoxonada;
Statsionarda;
Ikkilamchi yoki yuqori texnologik ixtisoslashtirilgan markazlarda.
Davolanish tugaganidan keyin ham oilaviy shifokor nazoratida qolasiz. Shu bois, sog‘lig‘ingizdagi o‘zgarishlar haqida, jumladan, xususiy tibbiyot muassasalarida davolangan bo‘lsangiz ham, uni xabardor qilib borishingiz talab etiladi.
M.Qosimova, O‘zA