Raqamli infratuzilmani rivojlantirishda Yevropa tajribasi jalb etiladi
O‘zbekistonda raqamli sohani rivojlantirish yo‘lida xalqaro hamkorlik yanada faollashmoqda.
Bu gal diqqat markazida Yevropa Ittifoqi bilan qo‘shma loyihalar turibdi.
Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Yevropa komissiyasining xalqaro hamkorlik bo‘yicha bosh direksiyasi huzuridagi Markaziy Osiyo va Afg‘oniston bo‘limi rahbari Sharlotta Adrian hamda European Union Delegation to Uzbekistan vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Suhbat chog‘ida O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida raqamli transformatsiya, telekommunikatsiya infratuzilmasini kengaytirish va ayniqsa chekka hududlarda zamonaviy aloqa xizmatlarini yaxshilash masalalari muhokama qilindi.

Ayniqsa, Yevropa Ittifoqining global bog‘lanish tashabbusi doirasida Markaziy Osiyoning olis hududlarida telekommunikatsiya xizmatlarini rivojlantirishga qaratilgan loyihalarga alohida e’tibor qaratildi.
Tomonlar loyihalarning iqtisodiy samaradorligini oshirish, texnik va moliyaviy jarayonlarni muvofiqlashtirish hamda amaliy ishlar sur’atini tezlashtirish bo‘yicha hamkorlikni kuchaytirishga kelishib oldi.
Uchrashuv yakunida raqamli infratuzilma, sun’iy yo‘ldosh aloqasi va mintaqaviy raqamli integratsiya kabi yo‘nalishlarda ham fikr almashildi. Bu esa O‘zbekistonning raqamli taraqqiyotida yangi imkoniyatlar ochishi mumkin.
Nigora Rahmonova,
O‘zA