Raqamli davr ijtimoiy tizimlarni qanday o‘zgartiradi?
Joriy yil 23–25-sentabr kunlari Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida “Ijtimoiy tizimlarni modellashtirish va raqamli transformatsiya: ilmiy tajribalar, texnologiyalar va rivojlanish istiqbollari” mavzusidagi IV xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazilmoqda.
Anjuman O‘zbekiston Milliy universiteti hamda “Science and Innovation” xalqaro ilmiy jurnali hamkorligida tashkil etildi. Unda turli mamlakatlardan kelgan olimlar, tadqiqotchilar va soha mutaxassislari ijtimoiy fanlar bilan raqamli texnologiyalar uyg‘unligida olib borilayotgan ilmiy izlanishlar natijalarini taqdim etmoqda.

“MSBC–2026” dasturidan ijtimoiy jarayonlarni zamonaviy hisoblash texnologiyalari yordamida o‘rganishga qaratilgan keng qamrovli mavzular o‘rin olgan.

Xususan, ijtimoiy fanlarda hisoblash intellektидан foydalanish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bunda raqamli ma’lumotlar asosida jamiyatdagi jarayonlarni tahlil qilish, ular o‘rtasidagi bog‘liqliklarni aniqlash va ilmiy xulosalar shakllantirishda zamonaviy hisoblash usullaridan foydalanish imkoniyatlari ko‘rib chiqilmoqda.

Ijtimoiy jarayonlarni agentlarga asoslangan modellashtirish ham konferensiyaning asosiy yo‘nalishlaridan biri. Ushbu yondashuv orqali alohida shaxslar yoki guruhlarning qarorlari va xatti-harakatlari modellashtirilib, ularning umumiy ijtimoiy jarayonlarga ta’siri o‘rganiladi. Bu usul turli ijtimoiy ssenariylarni kompyuter muhitida sinab ko‘rish imkonini beradi.

Ijtimoiy tarmoqlardagi axborotni monitoring qilish va tahlil etish masalalari ham kun tartibidan o‘rin olgan. Xususan, katta hajmdagi raqamli kontentni tahlil qilish, jamoatchilik fikri va ijtimoiy tendensiyalarni o‘rganishda sun’iy intellekt hamda ma’lumotlarni qayta ishlash texnologiyalaridan foydalanish imkoniyatlari muhokama qilinmoqda.

Shuningdek, o‘yin nazariyasi asosida ijtimoiy jarayonlarni modellashtirish masalalari ko‘rib chiqilmoqda. Bunda turli ishtirokchilarning qarorlari, manfaatlari va o‘zaro ta’siri matematik modellar orqali tahlil qilinib, ijtimoiy va iqtisodiy jarayonlarning rivojlanish ssenariylari o‘rganiladi.
Iqtisodiyotda tizimli modellashtirish va makon-zamon tahlili ham konferensiyaning muhim yo‘nalishlaridan. Bu orqali iqtisodiy jarayonlarni vaqt va hudud kesimida o‘rganish, ulardagi o‘zgarishlarni aniqlash va turli omillar ta’sirini baholashga qaratilgan ilmiy yondashuvlar taqdim etilmoqda.
Sun’iy intellekt yordamida ijtimoiy-xulq-atvor hodisalarini modellashtirish masalasi ham alohida ahamiyatga ega. Bunda sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalangan holda murakkab ijtimoiy jarayonlarni tahlil qilish, ularning turli omillar bilan bog‘liqligini o‘rganish va modellashtirish usullari muhokama qilinmoqda.
Konferensiyada tabiiy tilni qayta ishlash va amaliy tilshunoslik yo‘nalishidagi tadqiqotlar ham taqdim etilmoqda. Xususan, kompyuter texnologiyalari yordamida inson tilini tahlil qilish, matnlarni avtomatik qayta ishlash, til ma’lumotlarini o‘rganish va raqamli tilshunoslik imkoniyatlaridan foydalanish masalalariga e’tibor qaratilmoqda.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘ktam Hayitov (surat)
O‘zA