Raqamlashtirish – sertifikatlash tizimini osonlashtirdi (+video)
“O‘zbekiston—2030” strategiyasida mamlakatimizni raqamlashtirish orqali fuqarolarimizga qulay shart-sharoitlar yaratish ustuvor vazifa sifatida belgilangan. Shu jumladan, Don va don mahsulotlarini sinovdan o‘tkazish Markaziy laboratoriyasining raqamlashtirilishi dehqon va fermer xo‘jaliklarining mushkulini oson, uzog‘ini yaqin qildi. Eng muhimi jarayonlar tezlashdi, tizim to‘liq shaffof tarzda, korrupsiyadan holi ishlamoqda.
“O‘zagroinspeksiya” qoshidagi “Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari sifatini baholash markazi” davlat muassasasining Markaziy laboratoriyasiga kirib borar ekanmiz, bu yerdagi sokinlik bizning e’tiborimizni tortdi. Bir paytlar turnaqator navbatlar, shovqin-suronlar to‘liq barham topgan, zamonaviy muhit yaratilgan. Endilikda fermer, klaster xo‘jaliklari mahsulotlarini sertifikatlash uchun bu yerlarda sarson yurishlari shart emas. Masofaviy xizmatlar yo‘lga qo‘yilganligi bois, mijoz o‘z mahsulotlarini kim tahlil qilayotganini bilmaydi, mutaxassis bilan muloqotga kirishmaydi, hammasi shaffof. Faqatgina mahsulot zamonaviy uskunalar yordamida sinovdan o‘tsagina sertifikat beriladi. Ushbu tizim qanday ishlashi haqida Markaziy laboratoriya mudiri Abbosxon Usmonov bilan suhbatlashdik.
- Aytingchi, ushbu yangi tizim qachondan boshlab sertifikat bera boshladi va raqamlashtirishning afzalligi nimada?
- Asosiy vazifamiz don mahsulotlari namligi, eng asosiy ko‘rsatkichlari, don aralashmasi, zararkunandalar bilan zararlanganligi, donning noto‘g‘ri og‘irligi, ya’ni bir litr hajmda qancha don mavjudligini aniqlashdan iborat. Nafaqat don mahsulotlari, balki dukkakli, moyli mahsulotlarda barcha tahlillar o‘tkazilib, mijozlarga natijalar taqdim etiladi. Don mahsulotlaridagi Glyuten indeksini aniqlash yo‘lga qo‘yilgan.
- Sinov tahlillarini olishlari uchun mijozlar qay tartibda murojaat qilishlari kerak?
- Bir yildan buyon raqamlashtirilgan tizim joriy qilingan. Shunga asosan mijoz o‘ziga sayt orqali buyurtmasini beradi. Bizning mijoz haqida ma’lumotimiz yo‘q. Mahsulot namunasini jo‘natganidan so‘ng, buyurtmasiga qarab qaysi tahlil natijalarini sifat ko‘rsatgichlari kerak bo‘ladigan bo‘lsa, o‘shanga qarab tahlilni o‘tkazib, sifat ko‘rsatkichlarini dalolatnomaga biriktirib, raqamlashtirilgan tizim orqali jo‘natib yuboramiz.
Albatta, barcha sohalarda raqamlashtirishning kirib kelishi tarmoqlar rivojida, fuqarolarning vaqt va mablag‘larini tejashda, davlat organlarining faoliyatini tubdan yaxshilash hamda ochiqlik va oshkoralikni ta’minlashda muhim rol o‘ynamoqda. Shunday ekan bu ob’ektiv muqarrar jarayondir va shu orqali O‘zbekiston kabi rivojlanayotgan mamlakatlar jahon hamjamiyatiga, dunyo iqtisodiyotiga integratsiyasi tezlashadi.
<iframe width="1335" height="751" src="https://www.youtube.com/embed/9EXgw3BEvLk" title="Raqamlashtirish – sertifikatlash tizimini osonlashtirdi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>
Sanjar Toshpo‘latov, Oybek Davronov, Anvarxo‘ja Ahmedov, O‘zA