Raqamlashtirish ish unumini yanada oshirmoqda
Suv resurslaridan tejab, oqilona foydalanish yuqori samara berishini davrning o‘zi ko‘rsatmoqda. Shu bois mamlakatimizda qishloq xo‘jaligi ekin maydonlariga suv yetkazib berish natijadorligini oshirish maqsadida sohada innovatsion texnologiyalarni joriy qilish borasida ko‘plab istiqbolli loyihalar amaliyotga tatbiq etilmoqda.
Xususan, Qashqadaryo viloyatida ham mavjud suv resurslarini onlayn rejimda boshqarishga o‘tilishi ijobiy samara bermoqda.
Suv xo‘jaligida eng muhim jihat foydalanilayotgan suv hisobini to‘g‘ri va aniq yuritishdir. Sohada joriy qilinayotgan raqamlashtirish tizimi aytish mumkinki kanallar va muhim suv ob’ektlarida yagona onlayn hisob yuritish tizimi orqali inson omilini kamaytirishga ham xizmat qilmoqda.
[gallery-21815]
Masalan, Qarshi gidrouzeli viloyatdagi muhim suv tarqatish inshootlaridan biri hisoblanib, Qarshi shahri, Qarshi va Koson tumanlaridagi jami 24 ming gektar maydondagi qishloq xo‘jaligi yerlarini suv bilan ta’minlaydi. Aytish mumkinki, inshoot bugun to‘liq raqamlashtirilib, jarayonlar ilg‘or kompyuter texnologiyalari orqali boshqariladi. Bu esa bevosita sarflanayotgan suvning aniq onlayn hisobini yuritishga yaqindan yordam bermoqda.
– Ilgari suv o‘tkazuvchi darvozalar qo‘l kuchi yordamida ochib yopilardi va bu anchagina noqulayliklar tug‘dirardi. Ayniqsa qish oylarida, – deydi Qarshi gidrouzeli bo‘lim boshlig‘i Ahror Berdiyev. – O‘tgan yilda qurilmalar to‘liq avtomatlashtirildi. Videokuzatuv moslamalari o‘rnatildi. Hozirgi kunga kelib ikki kishi xonada o‘tirib pult orqali buni bemalol boshqara oladi. Har biriga sensorli datchiklar o‘rnatilgan. Endilikda tumanlarga beriladigan suvni avtomatlashgan tizimda to‘liq limitga o‘rnatish va tungi navbatchilik qismdagilar videokuzatuv moslamasiga qarab, nazorat qilish imkoniga ega bo‘ldi. Jami 19 ta darvoza bor. Shundan 6 tasi yuvuvchi galereya. Ular keladigan cho‘kindilarni yuvish vazifasini bajaradi. 6 ta darvoza sel suvlarini o‘tkazish uchun mo‘ljallangan. Qolganlari tumanlarni suv bilan ta’minlashga xizmat qiladi. Gidrouzelga asosan Chimqo‘rg‘on suv omboridan suv keladi. 550 ming kub suv o‘tkazish qobiliyatiga ega.
Gidrouzeldagi bu yangilanish u yerda kunu tun turuvchi gidrotexniklarning ish unumdorligini oshishiga xizmat qilishi bilan ahamiyatli bo‘lmoqda.
– 8 yildan beri ishlayman tizimda, – deydi muhandis gidrotexnik Azamat Choriyev. – Ilgari bu ishlar qo‘lda bajarilardi, hozir avtomatlashtirilgan. Xonada o‘tirib bajaramiz. Ish unumdorligi oshdi. Avvallari suv hisobini yuritishda aniq miqdorni olishning imkoni kamroq edi. Endi esa bu yanada osonlashdi.
Ta’kidlash lozimki, bugun Amu-Qashqadaryo irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasida markazlashgan dispetcherlik markazi tashkil etilgan bo‘lib, ayni paytda markazda aqlli suv platformasi orqali viloyatdagi suv havzalari, daryo va kanallardagi suv sarfi onlayn kuzatib borilmoqda. Tizimda aqlli suv o‘lchash qurilmalari joriy etilishi bu boradagi muhim yangiliklardan biri bo‘ldi.
– Keyingi yillarda suv resurslaridan oqilona foydalanish bo‘yicha juda ko‘plab ishlar amalga oshirilmoqda, – deydi bosh dispetcher Shoxista Shukurova. – Jumladan, Aqlli suv o‘lchagichlar 1 ming 527 ta, dayver qurilmalari 1 ming 129 ta nuqtada o‘rnatildi. Shuningdek, Avstraliyaning “Rubikon” kompaniyasi tomonidan Kasbi tumanidagi “Mirishkor” hamda “Qamashi” kanallarida suv sathini o‘lchaydigan onlayn boshqaruv qurilmalari o‘rnatildi. Dispetcherlik punktidan turib ularning qancha suv sarfi borligini hamda sathi bo‘yicha ma’lumotlarni onlayn kuzatib turish imkoniyatiga egamiz. Hamda bu o‘rnatilayotgan qurilmalar suvni mukammal boshqarishimizda, suv resurslaridan tejab tergab foydalanishimizda, limit asosida qo‘yilgan suvni joyida o‘tirib boshqarish imkoniga ega bo‘lyapmiz. Bu esa suvning kunlik, oylik va yillik hisobini aniq shakllantirishga yordam bermoqda. Ilgari ushbu ma’lumotlar telefon orqali masofadan olinardi va ba’zan chalkashliklar kelib chiqardi. Hisobotlar ham onlayn yuritilmoqda. Aniqlik masalasida ham ancha qulaylik bo‘lyapti. Vaqt masalasida ijobiy natijalar bor. Masalan, qayergadir beriladigan suv Suv xo‘jaligi vazirligining xabarnomasiga ko‘ra ochiladi. Hozirgi kunda shu xabarnoma kelishi bilanoq suvni ochish imkonimiz bo‘lyapti. Ilgari shu jarayon biroz vaqt olardi.
Qayd etish lozimki, davlatimiz rahbarining “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi doirasida sarflanayotgan suvning hisobi va hisoboti to‘liq yuritilishini ta’minlash maqsadida magistral kanallar hamda muhim suv ob’ektlarida suvning yagona onlayn hisobini yuritish tizimi joriy etilishiga alohida e’tibor qaratilib, bu borada amaliy ishlar davom ettirilmoqda. Maqsad suvdan foydalanish madaniyatini va suv ishlatish samaradorligini oshirish, shuningdek, kanallarda suv yo‘qotilishining oldini olish bo‘yicha zamonaviy va samarali yondashuvlarni amaliyotga joriy qilishdir.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari