Ramazon – rahmat va magʻfirat oyi
Ayniqsa, yordamga muhtoj va ehtiyojmand shaxslarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, oilalar va mahallalarda mehr-oqibat va oʻzaro hurmat muhitini mustahkamlash bilan bogʻliq tashkiliy chora-tadbirlar yana-da kuchaytirildi.
Prezidentimizning 20-apreldagi “Muborak Ramazon oyini munosib tarzda oʻtkazish toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, muborak Ramazon oyining karantin qoidalariga rioya qilgan holda, uy sharoitida, oila davrasida oʻtkazilishi uchun zarur sharoitlar yaratilmoqda.
Ayniqsa, yordamga muhtoj va ehtiyojmand shaxslarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, oilalar va mahallalarda mehr-oqibat va oʻzaro hurmat muhitini mustahkamlash bilan bogʻliq tashkiliy chora-tadbirlar yana-da kuchaytirildi.
Ramazon oyi har doim ham Islom ummatlari, qolaversa, butun bashariyat uchun ulugʻ sinov hisoblanishi barchamizga maʼlum. Biroq bu yilgi Ramazon yana bir jiddiy sinov davrida kirib keldi. Bu ham Robbimizning cheksiz hikmati ila har birimizga oʻziga xos sarhisob, shukrona, tavba-istigʻfor, tafakkur uchun berilgan gʻanimat fursat boʻldi. Bu Ramazon har birimizga oila davrasida kitob mutolaa qilib, ilmiy-maʼrifiy suhbatlar uyushtirib, ilm olishimizga imkon yaratdi.
Ramazon oyi – odamlar uchun hidoyat (manbai) va toʻgʻri yoʻl hamda ajrim etuvchi hujjatlardan iborat Qurʼon nozil qilingan oydir. Ramazon oyining fazilatlarini sanab tugatib boʻlmaydi. Ushbu oyda Islom tarixida juda koʻp olamshumul voqealar sodir boʻlgan. Shu bois, butun dunyo musulmonlari ushbu tabarruk oyni solih amallar va Alloh roziligi yoʻlidagi ibodatlar oyiga aylantirishadi. Faqih olimlar ham bu oyda ilm bilan shugʻullanishni butunlay yigʻishtirib yoki kamaytirib, Qurʼon mutolaasiga iqbol etganlar.
Ramazon xayr-saxovat oyidir. Paygʻambarimiz (s.a.v.) bu oyda boshqa oylarga qaraganda yana-da saxiyroq boʻlib ketardilar. Shuning uchun ham qadimdan musulmonlar Ramazon kirganda har galgidan saxovatliroq boʻlishga odatlanganlar. Davlatmand kishilar zakotlarini ham aynan Ramazonda ado etishlari ham shundan. Bu oyning barakasidan har bir uy bahramand boʻlib, moʻminlar qalbiga xursandchilik va shodlik kirishligi uchun odamlar alohida Ramazonga xos xhayru ehsonlari bilan bir qatorda zakotlarini ham shu oyda chiqaradilar.
Ramazon rahmat va magʻfirat oyidir. Ramazonda Alloh taoloning rahmati joʻsh uradi. Imom Muslim rivoyat qilgan hadisda: “Ramazon boʻlganda rahmat eshiklari ochiladi” deyilgan.
Alloh taolodan yolvorib soʻraymizki, bu muborak oyni yurtimiz uchun, butun dunyo musulmonlari uchun tinchlik-xotirjamlik, toat-ibodat, taqvo oyi, Qurʼon oyi qilsin. Alloh taolo Ramazoni sharifning barakotidan barcha bemorlarga shifoi komil bersin, barcha ehtiyojmandlarning dardiga malham boʻlsin, duolarimizni ijobat qilsin. Rahmat va magʻfirat oyini, duolar ijobat qilinadigan Ramazon oyini barchamizga xayrli va barakotli qilsin!
Nigora TOSHBOYEVA,
Maʼnaviyat va maʼrifat markazi
Sardoba tuman boʻlimi rahbari